O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Texnologiyalar

iFLYTEK Toshkentda Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy ofis ochdi

UzDaily tahririyati · 02.07.2026 · 16:10 · 38 views
iFLYTEK Toshkentda Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy ofis ochdi

iFLYTEK Toshkentda Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy ofis ochdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida “iFLYTEK Open Platform Central Asia Launch Event” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda kompaniyaning Markaziy Osiyo uchun mo‘ljallangan ochiq platformasi rasman O‘zbekistonda ishga tushirildi. Tadbirda davlat idoralari, xalqaro kompaniyalar, IT sohasi vakillari hamda xorijiy mehmonlar ishtirok etdi.

Ochilish marosimidan avval Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov iFLYTEK kompaniyasining sun’iy intellekt sohasidagi eng so‘nggi texnologiyalari va raqamli yechimlari namoyish etilgan ko‘rgazma bilan tanishdi.

Ko‘rgazma davomida iFLYTEK kompaniyasining katta vitse-prezidenti Richard Yu Spark katta til modeli, ko‘p tilli sun’iy intellekt texnologiyalari, ovozni aniqlash va nutqni sintez qilish tizimlari, sun’iy intellekt asosidagi biznes yechimlari, shuningdek, kompaniyaning ishlab chiquvchilar uchun ochiq platformasi hamda Markaziy Osiyoda amalga oshirilishi rejalashtirilgan tashabbuslari haqida ma’lumot berdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellektni rivojlantirish O‘zbekistonning ustuvor milliy yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

U mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash va O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilayotganini qayd etdi. Vazir, shuningdek, O‘zbekistonni global texnologik kompaniyalar uchun mintaqaviy markazga aylantirish maqsadi qat’iy davom ettirilayotganini, buning uchun sun’iy intellekt, raqamli infratuzilma va innovatsion ekotizimni rivojlantirishga izchil sarmoya kiritilayotganini ta’kidladi.

Shermatov iFLYTEK kompaniyasining Markaziy Osiyo uchun Ochiq Platformasini aynan O‘zbekistonda tashkil etish qarorini mamnuniyat bilan qarshi olib, ushbu tashabbus mahalliy texnologik kompaniyalar, startaplar va dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari uchun yangi imkoniyatlar yaratishi hamda mintaqada sun’iy intellekt ekotizimini jadallashtirishiga ishonch bildirdi.

Tadbirda iFLYTEK Open Platform vitse-prezidenti Uilyam Jou ham so‘zga chiqib, kompaniyaning sun’iy intellekt sohasidagi so‘nggi yutuqlarini taqdim etdi. U 2023-yilda Spark yirik til modeli ishga tushirilganini va bugungi kunda kompaniya texnologiyalari ta’lim, sog‘liqni saqlash, moliya, telekommunikatsiya, avtomobilsozlik hamda boshqa ko‘plab sohalarda keng qo‘llanilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, u iFLYTEK ishlab chiquvchilarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratayotganini bildirib, ochiq platforma sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, dasturchilar hamjamiyati bilan hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoda barqaror innovatsion ekotizimni rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Tadbir yakunida iFLYTEK kompaniyasining Markaziy Osiyo bozori uchun mo‘ljallangan eng so‘nggi sun’iy intellekt mahsulotlari va yechimlari namoyish etildi. Jumladan, ko‘p tilli sun’iy intellekt texnologiyalari, intellektual AI agentlari, sun’iy intellekt asosidagi raqamli xizmatlar hamda ishlab chiquvchilar uchun ochiq platformaning yangi imkoniyatlari taqdim etildi.