Farrux Zokirov ijodi keng targ‘ib qilinadi
Farrux Zokirov ijodi keng targ‘ib qilinadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targ‘ib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabiga (Maktab) Farrux Zokirov nomi beriladi.
Maktabda: “Yalla” nomidagi bolalar ansambli faoliyati tashkil etiladi;
Yoshlar ijodiy laboratoriyasi hamda “ustoz-shogird” anʼanalari asosida estrada yo‘nalishi bo‘yicha ijrochilik mahorat maktablari tashkil etiladi;
Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan tashkil etilgan mahorat maktabining ustoz-ijodkorlari Davlat byudjeti hisobidan har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida rag‘batlantirib boriladi;
Yoshlar ijodiy laboratoriyasi doirasida:
2026/2027 o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 3 nafardan bolalar musiqa
va sanʼat maktabining iqtidorli o‘quvchilaridan iborat guruh shakllantirilib boriladi hamda taʼtil davrida yozgi to‘garakka jalb etilib, estrada xonandaligi bo‘yicha maxsus bepul kurslarda o‘qitiladi;
2026/2027 o‘quv yiligacha zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etiladi hamda u sahna jihoz va liboslari bilan taʼminlanadi;
Maktab va yozgi to‘garakka jalb qilingan o‘quvchilarning ijod namunalari televideniye va xalqaro onlayn platformalarda namoyish etib boriladi.
2026–2027 yillarda tajriba-sinov tariqasida xalqaro nufuzli tanlovlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan Maktab va yozgi to‘garak o‘quvchilari (jamoalari) hamda ularni tayyorlagan o‘qituvchi (konsertmeyster) quyidagi miqdorda 1 martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi: “Gran-pri” va 1-o‘rin sohibi 30 mln so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 20 mln so‘m miqdorida, 2-o‘rin sohibi 20 mln so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster), 10 mln so‘m miqdorida, 3-o‘rin sohibi 10 mln so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) va 5 mln so‘m miqdorida.
Shuningdek, umumxalq bayram dasturlari va yuqori darajadagi anjumanlarning badiiy qismida Maktab va yozgi to‘garakning iqtidorli o‘quvchilari hamda ijodiy jamoalarining ishtirok etishiga shart-sharoitlar yaratilib, qo‘llab-quvvatlanadi.
Maktabda aʼlo baholarga o‘qiyotgan o‘quvchilarning 10 nafari Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktabi hamda maktab-internatlariga imtihonlarsiz qo‘shimcha kvota asosida qabul qilish tartibi joriy etiladi.