Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — DataVolt va Vision Invest Group rahbariyati vakillari IT Park Uzbekistan hududida qurilayotgan maʼlumotlarni qayta ishlash markazidagi ishlar jarayoni bilan tanishdi. Tashrif loyihaning joriy holati, qurilish ishlarini yakunlash va xavfsizlik talablariga rioya etilishiga bag‘ishlandi.
Majmuaga Vision Invest Group raisi va DataVolt direktorlar kengashi aʼzosi Muhammad Abuneyyan, shuningdek, DataVolt bosh direktori Rajit Nanda tashrif buyurdi. Delegatsiyaga O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Sultonov hamrohlik qildi.
IT Park Uzbekistan hududidagi DataVolt ofisida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar loyihani amalga oshirish jarayoni, joriy ishlar va tashkiliy masalalarni muhokama qildi. Qurilish, montaj va obodonlashtirish ishlarini 2026 yil oxiriga qadar yakunlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar, shuningdek, loyihani amalga oshirishning barcha bosqichlarida mehnatni muhofaza qilish, texnik va qurilish xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya etish zarurligini taʼkidladi.
Shundan so‘ng delegatsiya qurilish maydonchasiga tashrif buyurdi. U yerda DataVolt vakillari, bosh pudratchi hamda boshqa pudratchi tashkilotlar mutaxassislari o‘rnatilgan muhandislik tizimlari va montaj jarayoni davom etayotgan uskunalarni namoyish etdi.
Jumladan, ishtirokchilar elektr taʼminoti, konditsionerlash va havo aylanishi tizimlari, shuningdek, serverlarni suv yordamida sovitish uchun mo‘ljallangan uskunalar bilan tanishdi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha pudratchi tashkilotlar vakillari ishlar belgilangan jadvalga muvofiq davom etayotganini maʼlum qildi. Loyihani o‘z vaqtida yakunlash, qurilishning yuqori sifatini taʼminlash va xavfsizlik talablariga rioya etish asosiy ustuvor vazifalar bo‘lib qolmoqda.