Buxorodan AQSHga IT xizmatlari eksporti oshdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Buxoro shahridagi LEADERS GROUP TEAM kompaniyasi 2026 yilning birinchi yarmida AQSH bozoriga xizmatlar eksporti hajmini 1,43 million dollarga yetkazdi. 2025 yil davomida ushbu ko‘rsatkich 963,5 ming dollarni tashkil etgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri kompaniyaga tashrif buyurib, uning faoliyati, eksport salohiyati va yaratilgan ish o‘rinlari bilan tanishdi.
LEADERS GROUP TEAM asosan AQSHning transport va logistika bozori uchun masofaviy autsorsing BPO xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Kompaniya O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarda BPO markazlarini rivojlantirib, ingliz tilini biladigan mahalliy yoshlarni xalqaro logistika loyihalarida ishlashga jalb qilmoqda.
Tashrif davomida kompaniya tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi oshgani qayd etildi. 2025 yilda bu ko‘rsatkich 11,66 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilning dastlabki olti oyida 17,07 milliard so‘mga yetgan.
Shu bilan birga, kompaniya xodimlari soni ham oshgan. 2024 yilda kompaniyada bir kishi ishlagan bo‘lsa, 2025 yilda shtat 111 nafarga yetgan. Hozirgi vaqtda LEADERS GROUP TEAMda 150 kishi mehnat qilmoqda.
Raqamli texnologiyalar vaziri kompaniyaning keyingi rivojlanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, eksport geografiyasini kengaytirish va BPO xizmatlari hajmini oshirish bo‘yicha rejalari bilan ham tanishdi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi maʼlum qilishicha, BPO markazlarini rivojlantirish yoshlarga xalqaro kompaniyalar bilan ishlash, xorijiy tillarni bilish darajasini oshirish va zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni egallash imkonini beradi.
Vazirlik maʼlumotlariga ko‘ra, bunday loyihalarni rivojlantirish keng ko‘lamli ishlab chiqarish infratuzilmasini yaratish zaruratisiz intellektual mehnat va raqamli xizmatlar hisobiga IT xizmatlari eksportini oshirish imkonini ham beradi.