Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) —
Google Pay to‘lov xizmati 2026 yil 19 oktyabrda O‘zbekistonda ishga tushirilganini eʼlon qildi. Google Cloud kompaniyasining davlat organlari bilan aloqalar bo‘yicha direktori Marchin Krasuski Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH ishtirokidagi C5+1 formatidagi tadbirlar doirasida xizmatning O‘zbekiston bozoriga kirib kelganini maʼlum qildi. O‘zbekiston, shuningdek, xizmat mavjud bo‘lgan mamlakatlarning rasmiy ro‘yxatiga kiritildi.
Biroq xizmatning ishga tushirilishi foydalanuvchilar O‘zbekistondagi barcha banklarning kartalarini darhol ulashlari mumkinligini anglatmaydi. Har bir moliyaviy tashkilot o‘z kartalari uchun Google Pay xizmatini qo‘llab-quvvatlashni mustaqil ravishda taʼminlashi kerak. Shu sababli dastlabki bosqichda xizmatdan foydalanish imkoniyati kartani chiqargan bankka bog‘liq bo‘ladi, boshqa banklar esa unga keyinroq ulanishi mumkin.
Google Wallet va Google Pay xizmatlari ishga tushirilgani haqidagi eʼlon Samarqandda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio rahbarligida o‘tkazilgan C5+1 formatidagi tashqi ishlar vazirlari sammiti doirasida yangradi. Tadbirlarda AQSHning 100 dan ortiq kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiya ham ishtirok etdi.
Google Wallet va Google Pay raqamli to‘lovlarni soddalashtirishga mo‘ljallangan. Android va Wear OS operatsion tizimlari asosida ishlaydigan qurilmalar foydalanuvchilari hamkor banklar va to‘lov tizimlarining qo‘llab-quvvatlanadigan kartalarini ilovaga qo‘shib, do‘konlarda, ilovalarda va veb-saytlarda xaridlar uchun to‘lovni amalga oshirishlari mumkin.
Kontaktsiz to‘lovni amalga oshirish uchun bank kartasini Google Wallet ilovasiga qo‘shish kerak. Agar smartfon NFC texnologiyasini qo‘llab-quvvatlasa, qurilmani kontaktsiz to‘lov terminaliga yaqinlashtirish orqali xarid uchun haq to‘lash mumkin. Xizmat, shuningdek, veb-saytlar va ilovalarda karta maʼlumotlarini har safar qayta kiritmasdan tovar va xizmatlar haqini to‘lash imkonini beradi.
To‘lov vositalaridan tashqari, Google Wallet raqamli hujjatlar va kundalik foydalanish uchun zarur boshqa maʼlumotlarni, jumladan, bonus kartalari, chiptalar va samolyotga chiqish talonlarini saqlash imkonini ham beradi. Google maʼlum qilishicha, foydalanuvchilarning moliyaviy maʼlumotlari xavfsizligini taʼminlash uchun xizmat ko‘p bosqichli himoya tizimi va sohada qo‘llaniladigan shifrlash texnologiyalaridan foydalanadi.
Raqamli to‘lov xizmatlarining ishga tushirilishi O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish yo‘lidagi qadamlardan biri sifatida baholanmoqda. Bu, shuningdek, mamlakatning 2030 yilga qadar naqd pulsiz to‘lovlar ulushini 75 foizga yetkazish maqsadiga mos keladi. Xizmatni ishga tushirish haqidagi xabarda uni joriy etish shaxsiy maʼlumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni isloh qilish va meʼyoriy-huquqiy bazani xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar tufayli mumkin bo‘lgani qayd etilgan.
«Google Wallet va Google Pay xizmatlarining ishga tushirilishi O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasini jadallashtirishga, naqd pulsiz kelajak sari harakatlanish jarayonida uzluksiz va xavfsiz raqamli to‘lovlarni taʼminlashga xizmat qiladi», — dedi Google Pay va Wallet‘ning Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mintaqasidagi hamkorlik yo‘nalishi rahbari Dmitriy Stiran.
AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik ham ushbu xizmatlarning O‘zbekiston bozorida paydo bo‘lganini olqishladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanayotganini aks ettiradi va Amerika hamda O‘zbekiston biznesi uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Kompaniya xabariga ko‘ra, Google Wallet ilovasini yaqin haftalar ichida Google Play orqali yuklab olish imkoniyati paydo bo‘lishi kutilmoqda. To‘lov funksiyalaridan amalda foydalanish imkoniyati esa muayyan bankning xizmatni qo‘llab-quvvatlashi va bank kartasining mosligiga bog‘liq bo‘ladi.