Toshkent markazida urib ketilgan YPX inspektori olgan jarohatlari oqibatida vafot etdi
Toshkent markazida urib ketilgan YPX inspektori olgan jarohatlari oqibatida vafot etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga qarashli yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarov poytaxt markazida BMW rusumli avtomashinani boshqargan maktab o‘quvchisi tomonidan urib ketilib, olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot kotibi maʼlum qildi.
YHXBB maʼlumotlariga ko‘ra, ichki ishlar organi xodimi uch sutka davomida shifokorlar nazorati ostida bo‘lgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, uning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmagan.
Xosilbek Eshnazarov 1993 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. U ichki ishlar organlaridagi xizmatini 2022 yilda boshlagan. Marhumdan uch nafar farzand qolgan.
Fojia 25 fevral kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Soat 21:46 da haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 10-sinf o‘quvchisi BMW M4 avtomashinasini boshqarib, xizmat vazifasini bajarayotgan YPX inspektorini urib ketgan. Jabrlanuvchi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, voyaga yetmagan shaxs avval ham huquqbuzarliklar, jumladan, maktab mashg‘ulotlarini qoldirish, avtomashinani o‘zboshimchalik bilan boshqarish va yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzish holatlari uchun javobgarlikka tortilgan. Uning ota-onasi ham maʼmuriy jazolarga tortilgan.
To‘qnashuvda ishlatilgan mashina bir qiz nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, maʼlum bo‘lishicha, u 2024 yildan buyon 18 marta transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarga avtomashinani bergan va 37 marta yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan.
Yo‘l-transport hodisasi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hodisa bilan bog‘liq tergov harakatlari doirasida avval ijtimoiy tarmoqlarda vaziyat ustidan kulgan va yo‘l harakati qoidalarini buzishlarini oshkora namoyish qilib kelgan yosh yigit javobgarlikka tortilgan hamda unga 10 sutkalik maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.