Oʻzbekiston kiberfiribgarlik va bank maʼlumotlarini uzatish uchun jazolarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda

Oʻzbekiston kiberfiribgarlik va bank maʼlumotlarini uzatish uchun jazolarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda

Oʻzbekiston kiberfiribgarlik va bank maʼlumotlarini uzatish uchun jazolarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Deputatlar kiberxavfsizlikni ta’minlash va raqamli muhitda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Bugungi kunda aholiga bank va to‘lov tizimlari orqali pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq amaliyotlarni bajarish uchun katta qulayliklar yaratilgan. Shu bilan birga, axborot texnologiyalaridan foydalanib, qo‘llash ko‘lamini kengaytirish, jinoyatlarning barvaqt oldini olish, ularni fosh etish mexanizmini takomillashtirish, fuqarolarning bank karta hisobraqamlaridagi pul mablag‘larini turli kiberhujumlardan himoyalash tizimini kuchaytirishga zarurat tug‘ilmoqda.

Deputatlar tomonidan muhokama etilgan qonun loyihasi bilan bank kartalari, elektron va kripto-hamyonlar hamda ularni boshqarish imkonini beruvchi ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda boshqa shaxslarga berganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, SIM-kartalar, shaxsiy akkauntlar va identifikatsiya vositalarini boshqa shaxslarga noqonuniy berish yoki ulardan foydalanish holatlari uchun ham javobgarlik choralari kuchaytirilyapti.

Loyihada muhim axborot infratuzilmasi ob’ektlarida kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanyapti. Bank va to‘lov tashkilotlarida axborot xavfsizligi talablariga rioya etilmagani sababli yuzaga kelgan zararni banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan qoplash mexanizmi joriy etilmoqda.

Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda. Tergov organlariga bank ma’lumotlarini taqdim etishning aniq muddatlarini belgilash hamda ushbu talablarni buzganlik uchun javobgarlik choralari qat’iylashtirish taklif etilmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ayrim normalarini yanada takomillashtirish zarurligini ta’kidlab, qator taklif va mulohazalarini bildirdi.

Saydullo AZIMOV, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi: Qonun loyihasining samaradorligini oshirish maqsadida ayrim jihatlarga e’tibor qaratish lozim. Jumladan, loyihaga muvofiq Jinoyat kodeksining 56-moddasiga ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda jinoyat sodir etish jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida kiritilmoqda. Biroq amalda og‘irlashtiruvchi holat mavjudligi modda sanksiyasida belgilangan jazodan og‘irroq jazo tayinlash imkonini bermaydi.

Ayni paytda, ayrim jinoyat turlari tabiatan axborot texnologiyalari orqali sodir etiladi. Masalan, soliq hisobotlari faqat elektron shaklda taqdim etiladi va soliq ob’ektlarini yashirish bilan bog‘liq qilmishlarda mazkur holat har doim mavjud bo‘ladi. Bu esa amaldagi rag‘batlantiruvchi normalarni qo‘llashda muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Xususan, Jinoyat kodeksining 57¹-moddasiga ko‘ra, shaxs o‘z aybini tan olib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lsa, jinoyatni ochishga faol yordam bersa hamda yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf etsa, agar uning harakatlarida jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lmasa, unga tayinlanadigan jazo eng ko‘p muddati yoki miqdorining uchdan ikki qismidan oshmasligi lozim. Demak, 56-moddaga kiritilayotgan yangi holat kelgusida mazkur rag‘batlantiruvchi normani qo‘llashga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Shu munosabat bilan, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida qayd etilgan holatlarni atroflicha tahlil qilish zarur bo‘ladi.

Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi konseptual jihatdan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling