12 mart kuni metan zapravkalariga yangi cheklov joriy etildi
12 mart kuni metan zapravkalariga yangi cheklov joriy etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 12 mart, payshanba kuni O‘zbekistonda avtomobil gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (AGTKS) faoliyatiga nisbatan cheklovlar kuchaytiriladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Idora maʼlumotiga ko‘ra, metan yoqilg‘i quyish shoxobchalari faqat jamoat transportiga, shuningdek ijtimoiy muassasalarga xizmat ko‘rsatuvchi avtomobillarga xizmat ko‘rsatadi.
Vazirlik tushuntirishicha, mazkur qaror magistral gaz quvurlarida gaz bosimining pasayishi bilan bog‘liq. Tabiiy gaz bilan taʼminlashda anʼanaviy tarzda aholi va ijtimoiy soha obyektlariga ustuvor ahamiyat beriladi.
Taʼkidlanishicha, mutaxassislar magistral gaz quvurlarida bosimni tiklash bo‘yicha choralar ko‘rmoqda. Shu bilan birga transport uchun muqobil yoqilg‘ini taʼminlash maqsadida savdoga chiqarilayotgan avtomobil benzini va suyultirilgan gaz (propan) hajmlari ham oshirilmoqda.
Energetika vazirligi xususiy yoqilg‘i quyish shoxobchalari egalarini narxlarni sunʼiy ravishda oshirmaslikka, yoqilg‘ining munosib sifatini va yetarli hajmda sotilishini taʼminlashga chaqirdi.
Idora maʼlumotiga ko‘ra, yoqilg‘i bozorida qonunbuzarliklarning oldini olish maqsadida vakolatli organlar nazorat tadbirlarini kuchaytirmoqda.