Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Tahliliy va tadqiqotchilik faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash huzurida Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
Jamg‘arma mablag‘lari Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasida alohida ochilgan hisobraqamlarda jamlanadi va Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan belgilangan tartibda sarflanadi.
Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilarga yo‘naltiriladi, jumladan:
muvofiqlashtiruvchi kengashning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshirish;
tahliliy materiallarni tayyorlash va tadqiqotlarni o‘tkazish uchun grantlar ajratish;
ijtimoiy so‘rovlar va jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshirish.
Jamg‘arma mablag‘lari maqsadli va samarali sarflanishi ustidan nazorat Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan amalga oshiriladi.
Muvofiqlashtiruvchi kengashga quyidagilarga ruxsat beriladi:
Jamg‘arma mablag‘larini milliy va xorijiy valyutalarda bank depozitlariga joylashtirish;
grantlar va beg‘araz texnik ko‘mak vositalarini jalb qilish;
jismoniy va yuridik shaxslarga to‘lov asosida tadqiqotlar natijalari va maʼlumotlar bazalaridan foydalanish hamda tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatlarini berish.