Oʻzbekiston Prezidenti OTB forumida mamlakat iqtisodiy rivojlanishining yangi bosqichini taʼkidladi

Oʻzbekiston Prezidenti OTB forumida mamlakat iqtisodiy rivojlanishining yangi bosqichini taʼkidladi

Oʻzbekiston Prezidenti OTB forumida mamlakat iqtisodiy rivojlanishining yangi bosqichini taʼkidladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida oʻtayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59-yillik yigʻilishida nutq soʻzlamoqda.

Davlatimiz rahbari tadbir ishtirokchilarini samimiy qutladi:

“Bunday nufuzli anjumanning yurtimizda oʻtkazilayotgani bizga albatta gʻurur va iftixor bagʻishlaydi. Bir necha ming yillik tarixga ega, Buyuk ipak yoʻlining chorrahasida joylashgan diyorimiz qadimdan Sharq va Gʻarbni, Shimol va Janubni bogʻlovchi markaz boʻlib kelgan. Bu yerda azaldan dunyo tamadduni, ilm-fan va savdo yoʻllari tutashgan.

Buyuk tarix va yorqin kelajakni oʻzida mujassam etgan Yangi Oʻzbekiston endilikda xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar muhokama etiladigan yirik maskanga aylanib bormoqda. Ishonchim komilki, Samarqand anjumani ilgʻor fikr va yangi tashabbuslarni ilgari surishga, muhim qarorlar qabul qilishga xizmat qiladi. Yangi Oʻzbekistonga xush kelibsiz!”.

Prezidentimiz bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyoti mutlaqo yangi rivojlanish davrini boshdan kechirayotganini taʼkidladi.

“Biz 2016-yildan buyon iqtisodiyotni erkinlashtirish, investorlar uchun jozibador muhit yaratish, global qoʻshilgan qiymat zanjirida faol qatnashish, hududlarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini tubdan yangilash, aholi turmush sharoitini yaxshilash boʻyicha katta islohotlarni olib boryapmiz.

Tarixan qisqa vaqt ichida mehnatkash va bunyodkor xalqimiz bilan murakkab taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdik.

Soʻnggi yillarda iqtisodiyotimizga 150 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilib, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. Birgina energetika sohasida 35 milliard dollarlik investitsiya loyihalari hisobiga elektr ishlab chiqarishni 1,5 barobar oshirib, 87 milliard kilovatt-soatga yetkazdik. Bu davrda tovar va xizmatlar eksporti 3 karra oʻsdi, iqtisodiyotimiz hajmi esa 50 milliarddan 147 milliard dollarga yetdi.

Bunday ijobiy natijalar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. 2020-yildan buyon Oʻzbekiston suveren kredit reytinglarida oʻz oʻrnini barqaror oshirib bormoqda.

Iqtisodiy erkinlik indeksida joriy yil yurtimiz 14 pogʻona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi”, – dedi Prezidentimiz.

Global beqarorlik sharoitida ham Oʻzbekiston iqtisodiyoti birinchi chorak yakuni boʻyicha 8,7 foizli oʻsishga erishdi.

“Eng muhimi, islohotlarimizda har bir oila, har bir insonning kundalik hayotini yaxshilashga asosiy eʼtiborni qaratdik. Biz oʻtgan davrda 8,5 million ehtiyojmand aholi daromadini oshirib, kambagʻallik darajasini qariyb 35 foizdan bugungi kunda 5,8 foizga tushirishga erishdik.

Oʻzbekiston oxirgi oʻn yilda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda eng katta ijobiy oʻzgarish qilgan beshta davlatdan biri boʻldi.

Biz 2030-yilga qadar Oʻzbekistonda barcha sohalarni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish orqali iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish niyatidamiz.

Natijada daromadi oʻrtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirishni hamda kambagʻallikka toʻliq barham berishni maqsad qilganmiz.

Yaqin kunlarda 13 ta strategik yirik korxona aktivlarini oʻz ichiga olgan “Milliy investitsiya jamgʻarmasi”ning 30 foiz ulushini xalqaro fond bozoriga chiqaramiz.

Aminmanki, bunday muhim qadam hamkorlarimizning yurtimiz investitsiya muhitiga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarda Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining oʻrnini alohida eʼtirof etdi.

Ishonchli strategik sherigimizga aylangan bank bilan hozirgi kunga qadar qariyb 16 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, Osiyo taraqqiyot banki mamlakatimizdagi qayta tiklanuvchi energetika, qishloqlarda uy-joy qurilishi va Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlik yoʻnalishlarida ilk kunlardan yelkadosh boʻlgan.

Davlatimiz rahbari fursatdan foydalanib, Oʻzbekistonni doimo qoʻllab-quvvatlab kelayotgani uchun Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda hamda bank Boshqaruvchilariga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shu bilan birga, yaqin hamkorlik uchun Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari rahbariyatiga, shuningdek, barcha xorijiy sheriklarga alohida tashakkur izhor etildi.

Kuni kecha OTB bilan 12 milliard dollarlik yangi hamkorlik dasturi imzolandi.

“Barqaror taraqqiyotni taʼminlash uchun Bank bilan hamkorlikda yangi mexanizm va taʼsirchan yondashuvlarni joriy etishni davrning oʻzi bizdan taqozo etmoqda”, – dedi Prezidentimiz.

Bugun raqamli texnologiya va sunʼiy intellekt deyarli barcha sohalarni mutlaqo yangi formatga olib chiqmoqda. Jahon savdo tashkiloti prognozlariga koʻra, 2040-yilga borib, sunʼiy intellekt hisobiga xalqaro savdo aylanmasi qoʻshimcha 40 foizga oshadi.

Oʻzbekistonda ham axborot texnologiyalarini rivojlantirishga jiddiy kirishildi. Innovatsiya va bilimlarga asoslangan Sunʼiy intellekt xabini tashkil qilish boshlandi. Iqtisodiyot tarmoqlarida 200 dan ortiq sunʼiy intellekt loyihalari ustida ishlanmoqda.

Hududlarda data markazlar, super kompyuterlar va sunʼiy intellekt laboratoriyalarini koʻpaytirish, “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari”ni tayyorlash boʻyicha dasturlar amalga oshirilmoqda.

“Bu yoʻnalishlarda Osiyo taraqqiyot banki hamda AQSh, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Koreya va Xitoydagi hamkorlarimiz bizga yaqindan yordam berayotganini alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman”, – dedi Prezidentimiz.

Albatta, taʼlim, tibbiyot, suv xoʻjaligi, ekologiya, oziq-ovqat xavfsizligi kabi aholining birlamchi ehtiyoji uchun eng zarur boʻlgan yoʻnalishlarda ham ochiq sunʼiy intellekt modellaridan foydalanish talab etilmoqda.

Buning uchun Prezidentimiz Osiyo taraqqiyot banki shafeligida Rivojlanayotgan mamlakatlarda sunʼiy intellekt koʻlamini oshirish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqishni taklif etdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston bankning “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga qoʻshilishini maʼlum qildi hamda Toshkentda uning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini ochish taklifini ilgari surdi.

Raqamli texnologiya va sunʼiy intellektning rivojlanishi, oʻz navbatida, energiya resurslariga boʻlgan ehtiyojni keskin oshirmoqda.

Xalqaro energetika agentligi tahlillariga koʻra, 2030-yilga borib, data markazlarning elektr energiyasiga boʻlgan talabi hozirgidan 2-3 karra oshadi. Bunday sharoitda investorlarga arzon, ishonchli va “yashil” energiya taklif qilgan davlatlargina global bozorda raqobatbardosh boʻla oladi.

Oʻzbekiston bu borada dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda 5,6 ming megavattlik yirik shamol va quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirib, generatsiyada “yashil” energiya ulushini 30 foizga yetkazdi. 2030-yilga borib, bu koʻrsatkichni 54 foizga olib chiqish reja qilingan.

“Umuman olganda, mintaqamizning qayta tiklanadigan energiya generatsiyasi boʻyicha juda katta salohiyati bor. Toza energiya eksportini kengaytirish uchun Markaziy Osiyo – Yevropa “yashil” energetika koridorini yaratishda Osiyo taraqqiyot banki koʻrsatayotgan yordamni minnatdorlik bilan taʼkidlaymiz.

Mintaqa davlatlari bank bilan hamkorlikda qisqa muddatlarda ushbu “energetik arteriya” loyihasini boshlashiga ishonamiz”, – dedi Prezidentimiz.

Prezidentimiz oʻzaro bogʻliq transport tizimi va logistika yoʻlaklari barqarorligini taʼminlash eng dolzarb masalaga aylanayotganini taʼkidladi.

Jahondagi ziddiyatlar oqibatida logistika koridorlarining oʻzgarishi hozirning oʻzida Markaziy Osiyo davlatlari uchun yuk tashish xarajatining 30 foizgacha oshishiga, yetkazib berish muddatlari esa bir necha hafta kechikishiga sabab boʻlmoqda.

Sharq va Gʻarbni bogʻlaydigan “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli loyihasi boʻyicha qurilish ishlari boshlangan. Ushbu yangi transport yoʻlagi hisobiga butun mintaqaning tranzit salohiyati sezilarli darajada oshadi. Mahsulotlarni yetkazib berish muddati 10 kungacha qisqaradi, yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish imkoniyati yaratiladi.

Davlatimiz rahbari bu borada bankning Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) doirasida “Raqamli bojxona va logistika alyansini”ni tashkil etishni taklif qildi.

Buning natijasida bojxona tartiblarini uygʻunlashtirish, hujjatlar aylanishini raqamlashtirish, chegara orqali yuk tashishlarni yengillashtirish imkoniyati yaratiladi.

Oʻzbekiston OTB ishtirokida xususiy sektor bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishdan manfaatdor.

“Ayniqsa, hozirgi texnologiyalar asrida kritik minerallar uchun raqobat kun sayin avj olayotganini barchamiz koʻrib turibmiz. Xalqaro ekspertlarga koʻra, 2040-yilga borib, sanoat uchun muhim minerallarga talab 6 barobar oshadi. Bu – yangi imkoniyat”, – dedi Prezidentimiz.

Oʻzbekiston mis, volfram, molibden, magniy, grafit, vanadiy, titan va boshqa minerallarning katta zaxirasiga ega. Bu salohiyatni ishga solish maqsadida koreyalik hamkorlar bilan “R&D” markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari texnoparki” bunyod etilmoqda.

AQSh, Xitoy, Turkiya kabi davlatlarning yirik kompaniyalari bilan qiymati 1,6 milliard dollarlik 70 dan ziyod loyiha boshlangan.

“Biz nafaqat foydali minerallarni qazib olish, balki ularni chuqur qayta ishlash orqali iqtisodiyot rivojiga yangi turtki berishni maqsad qilganmiz.

Osiyo taraqqiyot bankining “Kritik mineraldan – ishlab chiqarishga” dasturiga qoʻshilish va uning doirasida yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan loyihalarni amalga oshirishni taklif etamiz”, – dedi Prezidentimiz.

Iqlim oʻzgarishi va choʻllanish jarayonlari Markaziy Osiyo mamlakatlari taraqqiyotiga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Ekologik muammolar oqibatini yumshatish maqsadida besh yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup koʻchat ekib kelinmoqda. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar yashil qoplamali himoya oʻrmonzorlari yaratildi.

Oʻzbekistonda 2030-yilgacha yashillik darajasini 30 foizga yetkazish boʻyicha katta marra olingan.

Ayni paytda Osiyo taraqqiyot banki ham 2030-yilgacha moʻljallangan iqlim sohasida Harakatlar rejasini samarali amalga oshirib kelayotgani taʼkidlandi. Bank ajratayotgan yillik mablagʻlarning 50 foizdan kam boʻlmagan qismini iqlim loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltirmoqda.

“Oʻylaymanki, bunday ezgu saʼy-harakatlarni bank va mintaqa mamlakatlari bilan birgalikda roʻyobga chiqarsak, natijasi yanada yuqori boʻladi. Shu bois, “Markaziy Osiyo yashil belbogʻi” mintaqaviy loyihasini amalga oshirishni taklif etamiz”, – dedi Prezidentimiz.

Dunyodagi notinchlik tufayli millionlab sayyohlar xavfsiz yoʻnalishlarni qidirmoqda.

Markaziy Osiyo ziyorat, madaniy, gastronomik, etno, ekstremal, tibbiyot kabi turizm yoʻnalishlarida katta salohiyatga ega.

Oʻzbekiston mazkur sohaga alohida eʼtibor qaratib, zarur infratuzilma, servis, viza va transport, eng muhimi, sayyohlar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirdi. Buning hisobiga oʻn yil ichida Oʻzbekistonga xorijiy turistlar oqimi 6 karra oshib, 12 million nafarga yetdi.

Yaqinda Toshkent shahrida ochilgan Markaziy Osiyoning ilm-fan va maʼnaviy xazinasi sifatida eʼtirof etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda barpo etilgan buyuk alloma Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi yurtimizning yangi durdonalariga aylandi.

Bunday majmualar qoʻshni mamlakatlarda ham bunyod etilmoqda. Shu bois, Prezidentimiz mintaqa davlatlarini birlashtiradigan turistik makon – “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari qoʻshni davlatlar, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa hamkorlarni turizmni rivojlantirish boʻyicha loyihalar portfelini shakllantirib, birgalikda moliyalashtirishga chaqirdi.

“Yuqorida aytib oʻtilgan barcha taklif va tashabbuslarni biz Osiyo taraqqiyot banki bilan faqat suveren kreditlar doirasida emas, balki davlat-xususiy sheriklik, kafolat instrumentlari, aralash moliyalashtirish va xususiy kapitalni jalb etish orqali faol hamkorlikda amalga oshirishga tayyormiz.

Shu munosabat bilan mintaqaviy loyihalar uchun Innovatsion moliyalashtirish platformasini shakllantirishni taklif etamiz”, – dedi Prezidentimiz.

Hozirgi kunda jahon iqtisodiyotida roʻy berayotgan keskin oʻzgarishlar Osiyo taraqqiyot bankining keng mintaqamiz ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini taʼminlashdagi muhim oʻrnini yanada oshirayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston bank prezidenti, xalqaro moliya va iqtisodiy munosabatlar sohasida katta bilim va tajribaga ega boʻlgan Masato Kandaning olib borayotgan samarali islohotlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashi bildirildi.

Bugungi anjumanda dunyoning 100 dan ortiq davlati, xalqaro moliya tashkilotlari, yetakchi banklar va kompaniyalarning nufuzli ekspertlaridan iborat 4 mingdan ziyod vakillar qatnashmoqda.

“Samarqand platformasida ilgari suriladigan muhim taklif va tashabbuslar kelgusida katta amaliy natijalarga, har bir kelishuv esa aniq va foydali loyihalarga aylanishiga ishonaman”, – dedi Prezidentimiz va ishtirokchilarga muvaffaqiyatlar tiladi.

Yangiliklar yangilanmoqda

#Shavkat Mirziyoyev  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling