Ўзбекистон Қонунчилик палатаси сунъий интеллектни ҳуқуқий тартибга солиш масаласини муҳокама қила бошлади
Тошкент, Ўзбекистон (UzDaily.uz) — Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — sunʼiy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan muhokama qilindi.
Majlisda dastlabki qadam sifatida qonunchilikka sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslariga oid qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilayotgani taʼkidlandi. Xususan, “Sunʼiy intellekt” tushunchasiga taʼrif berilishi bilan birga, sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda maxsus vakolatli organning vazifalari, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sunʼiy intellektdan foydalanishning umumiy qoidalari belgilanyapti.
Loyihada sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda yaratilgan axborot resurslariga markirovka qo‘yish talabi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, sunʼiy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari inson, uning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini buzmasligiga oid talabni kiritish ko‘zda tutilyapti.
Bundan tashqari, insonning huquq va erkinligiga aloqador qarorlarni qabul qilishda faqatgina sunʼiy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosasiga tayanilmasligi ham o‘z aksini topmoqda.
Qonun loyihasida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va uni OAV hamda Internetda tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Majlisda deputatlar qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uni yana-da takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohalari, takliflarini bildirdi. Loyihadagi ayrim normalar yuzasidan aniqlashtiruvchi savollar ko‘tarildi. Qonun tashabbuskorlari berilgan barcha savollarga batafsil tushuntirishlar berib o‘tdi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi cunʼiy intellektdan foydalanishni yana-da rivojlantirish, turli sohalarga joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish, uni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy tartibga solish, sunʼiy intellektdan foydalangan holda shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va tarqatishning oldini olishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.