Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 12-may kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston parlamenti va Yevropa parlamenti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, dolzarb mintaqaviy va global masalalar yuzasidan fikr almashish, tajriba va axborotlar bilan o‘zaro bo‘lishishni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti ikki mintaqa o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va barqaror muloqotni mustahkamlashda muhim poydevor bo‘lgani alohida qayd etildi.
Shuningdek, Toshkent shahrida aprel oyida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida Yevropa davlatlari parlamenti vakillarining faol ishtirok etgani, Assambleya doirasida qabul qilingan hujjatlarning Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlangani yuqori baholandi.
Tomonlar siyosiy muloqotni izchil davom ettirish, qonunchilik jarayonida ilg‘or yondashuvlar almashinuvi va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini faollashtirishga tayyor ekanligini bildirdi.