Prezident: Qurilish sohasi barqaror iqtisodiy o'sishni ta'minlashda muhim rol o'ynaydi
Prezident: Qurilish sohasi barqaror iqtisodiy o'sishni ta'minlashda muhim rol o'ynaydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Respublika va viloyat studiyalaridan yig‘ilishda 500 dan ziyod developer, quruvchi, loyihachi, arxitektor va urbanistlar ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbari barcha tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish bo‘yicha belgilab olingan katta marralarga erishishda qurilish sohasining alohida o‘rni borligini ta’kidladi.
So‘nggi to‘qqiz yilda 10 mingga yaqin yangi qurilish korxonalari ish boshladi, aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 20 ta, 100 milliard so‘mdan o‘tgan 365 ta yirik kompaniyalar paydo bo‘ldi. Loyiha tashkilotlari 2 mingdan, ulardan xalqaro sertifikat olganlari 650 dan oshdi.
Qurilishda ruxsat berish bosqichi 3 karra, muddati 4 karra qisqardi, 420 ta shaharsozlik norma va qoidalarini birlashtirish, eskilarini bekor qilish hisobiga 140 ta yangi shaharsozlik norma va qoidalari tasdiqlandi.
Mazkur ishlar natijasida o‘tgan davrda 210 million kvadrat metrli bino-inshoot, 647 ming xonadonli 15 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar barpo etildi. Qurilish ishlari hajmi 2016-yilda 30 trillion so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 314 trillion so‘mga yetdi.
Bugun qurilish, qurilish materiallari va ularga yondosh sohalarda 3,5 million aholi band.
Dunyoda qurilish industriyasi shiddat bilan o‘zgaryapti, sohaga zamonaviy loyiha yechimlari, yangi texnologiya va standartlar kirib kelmoqda.
Prezidentimiz mamlakatimizdagi qurilish tizimi bugungi o‘zgarishlarga qanchalik mosligi, soha rahbarlari zamon talab qilayotgan tezkorlik va sifat bo‘yicha mas’uliyatni his qilayotgani, seysmologiya va zilzilabardoshlik bo‘yicha xavflarni inobatga olib, yangi yechimlar ishlab chiqilayotgani borasida savollar ko‘pligini qayd etildi.
Tadbirkorlik uchun yiliga 6,5 ming gektar yer, 600 ming kvadrat metrli bino-inshootlar savdoga chiqarilmoqda, kichik va o‘rta biznes uchun 140 trillion so‘m resurs berilmoqda.
Lekin yer, kredit kabi asosiy masalalari hal bo‘lgan tadbirkorlar qurilishni boshlash bosqichda to‘siqlarga uchrayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbirkorlarning hali aktivga aylanmagan yeriga soliq, kreditiga foiz hisoblanyapti, lekin byurokratiya, korrupsiya, sansalorlik ko‘pligi uchun qurilishni boshlash oylab, yillab cho‘zilayotgani tanqid qilindi.
Shu bois, soha vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, mingdan ortiq quruvchi va loyiha tashkilotlarining takliflari olindi. Yig‘ilishda ushbu taklif va tashabbuslar asosida ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Yurtimiz aholisi 38 milliondan oshdi, urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetib, qariyb 20 million odam shaharlarda yashamoqda.
– Bir narsani yaxshi tushunish zarur: agar urbanizatsiya darajasi 1 foizga oshsa, iqtisodiyot ham kamida 1 foizga ko‘payadi, investitsiya oqimi, biznes va startaplar, mehnat unumdorligi karrasiga o‘sadi. Buning uchun respublikada urbanizatsiyani barqaror rivojlantirish bo‘yicha yagona yondashuv bo‘lishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Bosh rejalarni ishlab chiqish uchun budjetdan yiliga 200-250 milliard so‘m berilmoqda. Bu mablag‘lar bosh rejasi bo‘lmagan yoki eskirgan hududlarga sarflanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Kichik shahar va shaharchalarda ham katta loyiha qilaman degan tadbirkorlar borligi, shaharsozlik hujjati yo‘qligi uchun ularning ishi to‘xtab turgani qayd etildi. O‘zi mablag‘ tikib, tezroq bosh reja ishlab chiqilishidan manfaatdor tadbirkorlar ham ko‘p.
Viloyat hokimlari, Urbanizatsiya qo‘mitasiga joriy yilda budjet mablag‘i hisobidan 6 ta shahar, 44 ta shaharcha bo‘yicha bosh reja, yana 104 ta qishloq bo‘yicha master rejani oxiriga yetkazish, bunga qo‘shimcha tashabbuskor biznes vakillari bilan yana 50 ta aholi punkti bo‘yicha shaharsozlik hujjatini ishlab chiqishni boshlash topshirildi.
Bosh rejasi yo‘q degan bahona bilan 2025-yilda yerni xususiylashtirish bo‘yicha 112 ming arizaning 14 foizi rad etilgan.
Hokimlarga buning oqibatida 4 ming gektar yerni aktivga aylantirish, xususiylashtirish hisobidan budjetga 550 milliard so‘m qo‘shimcha tushum boy berilgani ko‘rsatib o‘tildi. Uch oyda yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha arizalarga inson omilisiz 5-10 daqiqa ichida onlayn javob beradigan tizimga o‘tish topshirildi.
Bosh rejalarni tasdiqlash orqali juda katta maqsad va vazifalar belgilanmoqda. Lekin bosh rejada ko‘rsatilgan suv, kanalizatsiya, issiqlik, gaz, elektr liniyalari, yo‘llar qachon, qaysi navbatda va qanday manbalar hisobidan quriladi degan savolga javob yo‘qligi tanqid qilindi.
Aslida, har bir bosh rejani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha yilma-yil kompleks dastur qilinib, aholi, tadbirkor va mas’ullarga yetkazilishi kerakligi qayd etildi. Bunday dasturlar yo‘qligi uchun ham infratuzilmaga 1 so‘mlik xarajat ketadigan joyga 2-3 karra ko‘p mablag‘ sarflanayotgani, pala-partish qurilishlar haligacha davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Har bir viloyat hokimiga ikki oyda viloyat va tuman markazlarining tasdiqlangan bosh rejalarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish topshirildi.
Mutasaddilarga kompleks dasturlardagi tadbirlarning qaysi biri respublika va mahalliy budjetdan, qaysilari xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan bo‘lishini aniq belgilab berish vazifasi qo‘yildi.
So‘nggi to‘rt yilda auksionda sotilgan 11,5 ming gektar yerdan 3 ming gektarida qurilish boshlanmagan. Oqibatda qo‘shimcha 100 ming ish o‘rni, 20-25 trillion so‘m qo‘shilgan qiymat yo‘qotilayotgani qayd etildi.
Auksionga chiqarilgan 582 gektar yer uchastkasi, 122 ta davlat obyekti bir yildan beri sotilmay turibdi.
Chunki xususiylashtirish dasturini qabul qilishda ham, obyektlarni sotishda ham hokimlarning o‘rni bilinmayotgani, tadbirkorlarning fikri oldindan o‘rganilmayotgani qayd etildi. Aslida, har obyektni sotishda hududga investitsiya, mahalla uchun ish o‘rni birinchi o‘rinda bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Endilikda xususiylashtirish dasturiga obyektlarni kiritish, ularni sotish va investitsiya samaradorligi bo‘yicha hokimlar Davlat aktivlari agentligi bilan tengma-teng javob berishi belgilandi.
Xususiylashtirish doirasida bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan obyektlar uchun qoldiq summaga har yili 14 foiz ustama hisoblash bekor qilinadi.
O‘tgan yili qurilish bilan bog‘liq 2 million 600 mingdan ziyod arizaning uchdan biri rad etilgan.
– Mas’ullar “Kamchiligi uchun qaytardik”, deb aytadi. Lekin ichiga kirib tahlil qilsa, masala ko‘p. Hamma bilib, bilmaganga oladi, aslida, bu – korrupsiya! Bunga chek qo‘yishning birdan bir yo‘li – raqamlashtirish va sun’iy intellekt! – dedi davlatimiz rahbari.
Aholi va tadbirkorlar qurilish qilish uchun avval loyihalashga ruxsat olishga, keyin arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqishga alohida-alohida ariza berib, oylab vaqt sarflamoqda.
Toshkent shahrida 2 ta xizmatni bir bosqichda ko‘rib chiqish yo‘lga qo‘yilgani uchun hujjatlarni kelishish vaqti 3-4 karra kamaydi. Ushbu tajribani 1-iyuldan boshlab, respublikaning barcha hududlarida joriy qilish topshirildi.
Hozirda elektr, gaz, suv va kanalizatsiyaga ulanish bo‘yicha texnik shart olish uchun ham har bir kommunal idoraga alohida murojaat qilish kerak. 1-iyuldan bitta ariza va bitta to‘lov bilan barcha kommunal tarmoqlarga texnik shart olish imkonini yaratish vazifasi qo‘yildi.
Sansalorlikning yana bir sababi – joylarda shaharsozlik kengashishga a’zo 26 ta idora o‘rtasida muloqot va hamkorlik yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, shaharsozlik kengashiga Toshkent shahri va viloyat hokimlarining o‘zi boshchilik qilib, tadbirkorning masalasiga yakuniy yechim berishi belgilandi.
“Shaffof qurilish” reytingida quruvchilarga lizingga olingan texnikasi uchun ball berilmayotgani noto‘g‘ri ekani qayd etildi. Bunday texnikalar hisobga olinsa, kamida 500 ta korxonaning reytingi 1-2 pog‘ona ko‘tarilib, 17 trillion so‘mlik bozorga kirish imkoni paydo bo‘ladi.
Qurilish vazirligiga lizingga olingan texnikalar elektron bazasini ishga tushirib, “Shaffof qurilish” tizimiga integratsiya qilish va ball berishni boshlash topshirildi.
Bundan tashqari, pudrat korxonalariga chet eldan yiliga bitta maxsus texnika olib kelish bo‘yicha cheklovni bekor qilish zarurligi qayd etildi.
Umuman, mutasaddilarga uch oyda qurilishga ruxsat olishdan boshlab, foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni tahlil qilib, talablar, muddatlar va to‘lovlarni 2 barobargacha qisqartirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
O‘tgan yili qurilish obyektida loyihachi va buyurtmachilarning nazoratchilari 42 mingta kamchilik qayd etgan, Qurilish inspeksiyasi esa yana 250 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlagan. Sabab – loyihachi hamda buyurtmachilarda mualliflik va texnik nazorat bo‘yicha manfaatdorlik yo‘q.
Shu bois, joriy yil 1-iyundan boshlab davlat buyurtmachilari faoliyati to‘liq KPIga bog‘lanishi, xodimlarning oyligi 3 karra oshirilishi belgilandi. Loyiha hujjatini ishlab chiqish uchun obyekt qiymatining 5 foizigacha mablag‘ beriladi, mualliflik nazorati uchun esa alohida shartnoma asosida to‘lov qilinadi.
Shu bilan birga, endi texnik nazorat yoki mualliflik nazoratchisi mas’ul bo‘lgan obyektda qo‘pol qoidabuzarlik aniqlansa, pudrat korxonasi bilan birga nazoratchilarga ham qat’iy chora ko‘rish zarurligi qayd etildi. Loyihachining “Shaffof qurilish”dagi reytingi ham pasaytiriladi.
O‘tgan yili 400 nafar qurilish nazoratchisi yonkamera bilan ta’minlandi, 1 ming 221 ta ijtimoiy va infratuzilma obyektiga videokuzatuv kameralari o‘rnatildi.
Endilikda budjetdan quriladigan qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy soha obyektlari, ko‘p qavatli uy, yirik savdo va sanoat korxonasi, mehmonxona, turizm obyektlari qurilishi ham onlayn nazorat kameralari bilan qamrab olinadi.
Urbanizatsiya qo‘mitasiga shaharsozlik qoidalarini qo‘pol buzganlik bo‘yicha moliyaviy sanksiya joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda.
Lekin kichik va o‘rta quruvchilar uyoqda tursin, hatto yuqori reyting, yetarli mablag‘ va texnikaga ega bo‘lgan mahalliy korxonalarimiz ham ushbu bozorga to‘liq kira olmayotgani, kirgani ham subpudratchi bo‘lib ishlayotgani qayd etildi.
Mutasaddilar, buyurtmachi vazirlik va idoralar xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralarda quruvchilarimiz imkoniyatlarini ko‘rsatib bera olmayotgani, shartnoma shartlarini belgilashda mahalliy pudratchilar manfaatlarini himoya qilmayotgani, xalqaro tenderlar shartlarini o‘rgatmagani uchun eng arzon narx bergan korxonalarimiz ham tenderda raqobat qila olmayotgani tanqid qilindi.
Shu bois, mahalliy loyihachi, quruvchi va konsultantlarni xalqaro tenderlarda ishtirok etishga o‘qitish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
Qolaversa, quruvchilarimiz qo‘shni davlatlardagi xalqaro loyihalarda bosh pudratchi bo‘lib qatnasha boshlagani yuqori baholandi.
Aholini uy-joyga bo‘lgan talabini ta’minlash doimiy diqqat markazida bo‘lishi shartligi ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda 56 ta “Yangi O‘zbekiston” massivining infratuzilmasi uchun 4 trillion 100 milliard so‘m mablag‘ berildi. Joriy yil ushbu maqsadlarga yana 1 trillion 400 milliard so‘m ajratilmoqda.
Lekin 2025-yilda Toshkent viloyatida 2,1 mingta, Samarqandda 1,5 mingta, Farg‘onada 1,3 mingta, Toshkent shahrida 1 mingta, Jizzaxda 380 ta xonadon foydalanishga topshirilmagan.
Soha mutasaddilari va hokimlar bu yil “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 34 ming xonadonni qurib bitkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qurilishi davom etayotgan massivni kengaytirishga o‘sha hududdagi 85 foiz kvartirani egasiga topshirganidan keyingina ruxsat berilishi belgilandi.
Poytaxt va Samarqand tajribalari asosida investitsiya kompaniyalari tashkil qilindi. Bu kompaniyalar 1-oktabrdan boshlab, ko‘p qavatli uylar qurish uchun yerlarni qurilishga ruxsati, arxitektura rejalashtirish topshirig‘i va dastlabki loyihasi bilan birga tayyor holda auksionga chiqaradi.
Umuman, bu yil hududlarda 140 ming xonadonli ko‘p qavatli uylarni topshirish zarurligi qayd etildi.
Bunda renovatsiyaga alohida e’tibor qaratish muhim ekani ta’kidlandi. Chunki shahar va shaharchalar eniga kengayib borsa, infratuzilmaga xarajat 4-5 karra oshadi, maktab, bog‘cha, poliklinikaga masofasi uzayadi, minglab gektar ekin yeri qisqaradi.
Masalan, Samarqand shahrining temir yo‘l orti hududi, Kattaqo‘rg‘on shahri, Oqtosh, Ishtixon, Bulung‘ur, Juma, Jomboy kabi shaharchalarda “barak” tipidagi uylar ko‘p. Shu bois, eskirgan uylar o‘rnida renovatsiya asosida ko‘p qavatli uylar qurish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, bu yil renovatsiya zonalarida kamida 30 ming kvartirali ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirish muhimligi qayd etildi.
Fevral oyida Prezidentimiz kreativ iqtisodiyot uchun soliq va boshqa bir qator imtiyozlarni nazarda tutuvchi alohida qarorni imzoladi.
Mutasaddilarga mazkur yo‘nalishda arxitektor, loyihachi va urbanistika sohasi uchun birinchi kreativ parkni Toshkent shahrida tashkil qilish topshirildi. Bunday kreativ parklarni hududlarda ham barpo etish ishlarini boshlash vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, Toshkentda yangi o‘quv yilidan urbanizatsiya, kadastr va geodeziya sohasida kadrlar tayyorlaydigan, o‘zini o‘zi moliyalashtiruvchi oliygoh faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu yerda o‘rta bo‘g‘in kadrlari uchun texnikum ham bo‘ladi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz soha va hududlar rahbarlarining hisobotlarini tingladi. Qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning taklif va tashabbuslari eshitildi.
#Shavkat Mirziyoyev