Mumbayda Ijodiy sanoat va madaniy almashinuvni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha WAVES deklaratsiyasi imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — «Ijodkorlikni ilgari surishda global hamkorlik — bu oldinga borish yo‘li, biroq bu jarayonda bir-birimizning madaniy nozikliklarimizni tushunish ham muhimdir». Bu fikr Mumbay shahrida o‘tkazilgan va hozirda davom etayotgan Jahon Audiovizual va Ko‘ngilochar sohasi Sammiti (WAVES 2025) doirasida bo‘lib o‘tgan Global Media Dialogue tadbirining asosiy xulosalaridan biri bo‘ldi.
Muloqotda ishtirok etgan davlatlar mamlakatlarda ijodiy makonlarni kengaytirish raqamli tafovutni bartaraf etish yo‘lida umumiy taraqqiyotimizning kaliti ekanini ta’kidladilar. Muloqotda tobora globallashib borayotgan media muhitida hukumatlarning global tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashdagi roli muhokama qilindi va yakunida a’zo davlatlar tomonidan WAVES Deklaratsiyasi qabul qilindi.
Global Media Dialogue davomida dunyo bo‘ylab turli madaniyatlarni aks ettiruvchi filmlar xalqlarni yaqinlashtirishda katta salohiyatga ega ekani qayd etildi. Ishtirokchi davlatlar bu borada hind filmlarining rolini yuqori baholadilar. Film — hikoya qilishning ko‘ngilochar shakli sifatida o‘zaro hamkorlik uchun kuchli vositadir. Ayniqsa, texnologiyaning hikoya san’atiga kirib kelishi natijasida individual hikoyalar ijodiy iqtisodiyotda yangi kuchli kuch sifatida paydo bo‘lmoqda. Ba’zi davlatlar “mas’uliyatli jurnalistikani” rivojlantirish zarurligini ta’kidladilar va bu masala WAVES platformasi orqali o‘zaro hamkorlikda hal qilinishi mumkinligini bildirdilar.
WAVES 2025 sammitini global hamjamiyatning mikrokozmi deb atagan Hindiston Tashqi ishlar vaziri doktor S. Jayashankar, sammit media va ko‘ngilochar sohaning kelajak yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun kontent yaratuvchilar, siyosatchilar, aktyorlar, yozuvchilar, produserlar va tasviriy san’atkorlarni bir platformada birlashtirayotganini ta’kidladi.
O‘z nutqida doktor Jayashankar Global Media Dialogue 2025 doirasida muhokama qilinayotgan asosiy yo‘nalishlarga to‘xtaldi. U bugungi kunda kuchli madaniy o‘lchovga ega bo‘lgan global tartibot o‘zgarayotganini aytdi. “Biz o‘z an’analarimiz, merosimiz, g‘oyalarimiz, amaliyotlarimiz va ijodkorligimizga ovoz berishimiz zarur”, — dedi u.
EAM (Tashqi ishlar vaziri) ta’kidlashicha, texnologiya va an’ana qo‘lma-qo‘l yurishi lozim, chunki texnologiya bizning boy merosimiz haqidagi xabardorlikni kuchaytiradi va ayniqsa yosh avlod uchun bu haqdagi ongni chuqurlashtiradi. “Yosh iste’dodlar ijodiy hamkorlik davriga tayyorlanishi uchun ularning ko‘nikmalarini rivojlantirish muhim. Innovatsiyalar Hindistonni Viksit Bharat sari olib boradigan katta sakrashning kalitidir”, — dedi u.
Sun’iy intellekt rivojlanayotgan bu yangi davrda doktor Jayashankar imkoniyatlar cheksiz ekanini qayd etdi, ammo ularni mas’uliyat bilan qo‘llash, kontentdagi tarafkashlikni kamaytirish, uni demokratlashtirish va axloqiy qadriyatlarga ustuvorlik berish zarurligini ta’kidladi. “Global ishchi kuchi va global ish joylari uchun fikrlash tarzida, siyosatlarda, yondashuvlarda va amaliyotlarda o‘zgarishlar bo‘lishi zarur”, — dedi u yakuniy so‘zida va WAVES platformasining global media va ko‘ngilochar sanoatning muhim masalalarini muhokama qilishdagi o‘rniga ishonch bildirdi.
Global muloqotga start bergan Hindiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri Shri Ashvini Vaishnav o‘zining ochilish nutqida madaniyat insonlarni chegaralar ortida bog‘laydigan ijodkorlikka ilhom berishini ta’kidladi. U, shuningdek, texnologiyalar hikoya aytish uslublarimizni o‘zgartirib borayotgan bir paytda kontent yaratish va iste’moli tez sur’atlarda o‘zgarayotganini qayd etdi. Hozir biz mahalliy kontent yaratishni rag‘batlantirish lozim bo‘lgan burilish nuqtasida turibmiz.
Orzular shahri — Mumbayga 77 davlatdan tashrif buyurgan delegatlarni qutlab, Shri Vaishnav hamkorlikning muhim rolini ta’kidladi va umumiy muvaffaqiyat uchun qo‘shma ishlab chiqarish bitimlari, umumiy fondlar va raqamli tafovutni kamaytirish, birodarlik, tinchlik va global hamjihatlikni mustahkamlovchi deklaratsiyaga e’tibor qaratish kerakligini bildirdi. “Biz global ijodkorlik ko‘prigini g‘oyalar ekspress yo‘liga aylantirishimiz zarur”, — dedi u.
Vazirlar darajasidagi delegatlar ishtirokidagi muhokamalar davomida Hindiston “Hindistonda yarating” (Create in India) tashabbusi doirasida o‘tkazilgan 32 ta tanlov haqida ma’lumot berdi. Ushbu tanlovlar natijasida butun dunyo bo‘ylab 700 dan ortiq eng yaxshi ijodkorlar aniqlangan. Hindiston shuni ham ma’lum qildiki, keyingi mavsumdan boshlab ushbu tanlovlar 25 ta global tillarda o‘tkaziladi. Bu esa turli tillarda ijod qiluvchi iste’dodlarni aniqlab, ularning ijodiy kontentlarini WAVES platformasida namoyish qilish imkonini beradi.
Tadbirda Hindiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar bo‘yicha davlat vaziri doktor L. Murugan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar vazirligi kotibi Shri Sanjay Jaju hamda Hindiston hukumati yuqori lavozimli boshqa vakillari ishtirok etdilar.