Yevropa Ittifoqi va BMTTD O‘zbekistonda davlat xizmatlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha yangi loyihani ishga tushirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMT) va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mamlakatda, ayniqsa qishloq joylarda va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining davlat xizmatlaridan foydalanishini soddalashtirish, raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasining rasman ishga tushirilganini e’lon qiladi.
Yevropa Ittifoqi tomonidan to‘liq moliyalashtirilgan va umumiy qiymati 4,900,000 yevroni tashkil etuvchi loyiha, 2019–2024 yillarda amalga oshirilgan “Qishloq joylarda davlat xizmatlarini yaxshilash va boshqaruv tizimini takomillashtirish” loyihasi muvaffaqiyatli natijalariga asoslanadi. Toshkentdagi Shayxontohur tumani Davlat xizmatlari markazida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida markaziy va mahalliy davlat organlari, fuqarolik jamiyati vakillari, xalqaro hamkorlar, Yevropa Ittifoqiga azo davlatlar elchixonalari va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
BMT O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii xonim quyidagicha ta’kidladi:
“Ushbu tashabbus davlat xizmatlarini inson manfaatlari markaziga qo‘ygan holda tubdan o‘zgartiradi. Davlat institutlarini samarali va inklyuziv etib shakllantirish orqali biz, eng avvalo, chekka hududlarda yashovchi aholining hayot sifatini yaxshilaymiz.”
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri janob Akbar Tashkulov loyihaning milliy islohotlarga muvofiqligini ta’kidladi:“Bu tashabbus Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot Strategiyasining ajralmas qismidir. Uning maqsadi – fuqarolarga tezkor, shaffof va arzon xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlashdir. Asosiy prinsipimiz – bu hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik.”
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasining birinchi maslahatchisi va hamkorlik bo‘limi rahbari janob Vim Riepma shunday dedi:
“Yaqinda Samarqandda boʻlib oʻtgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” birinchi sammiti yakunlariga koʻra, biz ushbu yangi tashabbus umumiy ustuvorliklarimiz – raqamlashtirishni rivojlantirish, boshqaruv tizimini mustahkamlash va davlat xizmatlarining yanada qulayroq, samaraliroq va har bir Oʻzbekiston fuqarosining ehtiyojlariga javob berishini taʼminlashni amaliyotga tatbiq etishiga ishonamiz”.
Loyihada BMT va Adliya vazirligi bilan bir qatorda Strategik islohotlar agentligi, Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ayollar qo‘mitasi va boshqa davlat va mahalliy hamkorlar ishtirok etmoqda.O‘zbekiston aholiga yaqin, odil va samarali boshqaruv sari harakatlanar ekan, ushbu tashabbus mamlakatda samarali, hisobdor va inklyuziv davlat boshqaruvi yo‘nalishidagi asosiy flagmanlardan biri sifatida xizmat qiladi va 16, 5 hamda 8-sonli Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishga hissa qo‘shadi.
Loyiha quyidagi asosiy muammolarni, yani chekka hududlarda xizmatlardan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi, raqamli texnologiyalarni yetarli darajada joriy qilinmaganligi va eskirgan institutsional me’yorlarni hal etishga qaratilgan. Loyihaning to‘rtta strategik yo‘nalishi quyidagilardan iborat:
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish milliy tizimining bek-ofisini tashkil etuvchi institutsional, huquqiy va me’yoriy asoslarini takomillashtirish.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda bek-ofis idoralari salohiyatini oshirib, ularning milliy, mintaqaviy va mahalliy darajada samarali faoliyatini ta’minlash.
Davlat xizmatlarining mavjudligi va sifatini yaxshilash uchun bek-ofis idoralarining raqamli va foydalanuvchiga yo‘naltirilgan transformatsiyasini amalga oshirish.
Hududiy va mahalliy bek-ofis idoralarining tezkorligi, hisobdorligi va samarali ishlashini ta’minlash uchun mahalliy boshqaruv tizimini o‘zgartirish.
2029-yilga kelib loyiha doirasida 11 ta bek-ofis muassasasining funksional tahlili o‘tkaziladi, 1000 nafar davlat xizmatchisi inklyuziv va foydalanuvchilarga yo‘naltirilgan xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitiladi, kamida 35 ta davlat xizmatlarini raqamli transformatsia qilinadi va butun mamlakat bo‘ylab mahallalarda 34 ta yangi davlat xizmatlari burchaklari tashkil etiladi. Ushbu keng qamrovli islohotlar fuqarolarning mamlakat miqyosida samarali, shaffof va inklyuziv davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.