Valyuta kurslari 30/12/2025
$1 – 12025.33
UZS – -0,27%
€1 – 14162.23
UZS – -0,21%
₽1 – 155.25
UZS – 0,06%
Qidirish
Xususiylashtirish doirasida YTTB Asakabankning 15% ulushini sotib oladi

Xususiylashtirish doirasida YTTB Asakabankning 15% ulushini sotib oladi

Xususiylashtirish doirasida YTTB Asakabankning 15% ulushini sotib oladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-maydagi PF-5992-sonli Farmoni ijrosi doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) va Asakabank o‘rtasidagi hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlash maqsadida “Asakabank” AJni xususiylashtirishning asosiy tijorat shartlarini belgilab beruvchi “Term Sheet” imzolandi.

Hujjatga muvofiq, YTTB tomonidan Asakabank aksiyalarining 15 foizini sotib olish ko‘zda tutilgan. Kelishilgan shartlar, shu jumladan, tranzaksion, tartibga soluvchi va korporativ-huquqiy talablar belgilangan tartibda to‘liq bajarilganidan so‘ng 2026-yilda YTTBning Asakabank aksiyadorlari tarkibiga kirishi belgilanmoqda.

Ushbu bosqich O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat ishtirokidagi banklarni transformatsiya qilish, davlat aktivlarini boshqarish samaradorligini oshirish, moliyaviy xatarlarni kamaytirish hamda bank tizimining barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan 2020-yil 12-maydagi PF-5992-sonli Farmoni ijrosining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Asakabankni xususiylashtirish doirasida YTTB bilan hamkorlik quyidagi asosiy yo‘nalishlarni qamrab oladi:

korporativ boshqaruv sifatini oshirish va bank faoliyatining shaffofligini kuchaytirish;

xatarlarni boshqarish va ichki nazorat tizimlariga xalqaro standartlarni joriy etish;

bankning kapital bazasi va operatsion barqarorligini mustahkamlash;

barqaror, bozor tamoyillariga asoslangan va tijorat maqsadlariga mos rivojlanish modelini shakllantirish;

xususiylashtirishning keyingi bosqichlari oldidan bankning investitsion jozibadorligini oshirish.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi davlat aktivlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, xalqaro investorlarning O‘zbekiston moliya bozoriga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda mamlakatning raqobatbardosh va barqaror bank sektorini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling