Vashingtonda qishloq xo‘jaligi dronlari bo‘yicha hamkorlik masalasi muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “C5+1” formatidagi sammit doirasida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “KAIZEN AEROSPACE” kompaniyasi ijrochi direktori Ziv Marom bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga dron texnologiyalarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar kelgusida fermerlar va agrar sohaga ixtisoslashgan mutaxassislar uchun dronlardan samarali foydalanish bo‘yicha treninglar tashkil etishga kelishib oldi.
2026-yil mavsumida kompaniya tomonidan O‘zbekistonga yuk ko‘tarish quvvati 200–500 kg bo‘lgan, 2 soatgacha to‘xtovsiz ishlay oladigan dronlar yuboriladi. Mazkur texnika dala sharoitida amalda sinovdan o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, hamkorlikni yanada kengaytirish, ilmiy-tadqiqot va ta’lim yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.