UZCE Trading Lab: nazariya va amaliyot uyg‘unligi
UZCE Trading Lab: nazariya va amaliyot uyg‘unligi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston respublika valyuta birjasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank bilan hamkorlikda yosh mutaxassislar va Markaziy bank stipendiatlarini birlashtirgan UZCE Trading Lab ta’lim tashabbusiga start berildi.
Loyihaning asosiy g‘oyasi — moliya bozorini ichki tuzilishini ko‘rsatish, ya’ni uning tuzilmasini tushuntirish bilan kifoyalanmasdan, bozor mantig‘ini amalda his qilish imkoniyatini taqdim etish.
Tadbirni ochish marosimida O‘zRVB Bosh direktori Rashid Usmanov so‘zga chiqdi. O‘z murojaatida u moliya bozorining rivojlanishi tez o‘zgaruvchan iqtisodiyot sharoitida tizimli fikrlay oladigan va ishlay biladigan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash bilan bevosita bog‘liqligini ta’kidladi. Yosh kadrlarning kasbiy o‘sishi uchun platforma sifatida Markaziy bank va birja o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning nazariy qismi doirasida ishtirokchilar O‘zRVB faoliyati, uning mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni hamda birja rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishib, birja infratuzilmasining ishlash tamoyillari, savdolarda qatnashish shartlari va bozor bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini batafsil ko‘rib chiqdilar.
Dastur doirasida amaliyotga yo‘naltirilgan asosiy e’tibor valyuta va pul bozorlarini o‘rganishga qaratildi, bunda ishtirokchilarga bozor bilan ishlashning to‘liq sikli bosqichma-bosqich ko‘rsatib berildi. Birja mutaxassislari aniq amaliy misollar orqali operatsiyalarni amalga oshirish mexanizmlari va bitimlar shakllanishining ichki mantig‘ini izohlab berdilar hamda savdo platformalarining funksional imkoniyatlarini namoyish etdilar.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilariga aniq bozor ssenariylari taklif etildi. Unda qatnashchilar o‘zlarini treyder rolida sinab ko‘rib, simulyatsiya muhitida real vaqt rejimida savdo qarorlari asosida bitimlar tuzdilar. Har bir holat bo‘yicha Markaziy bank va O‘zRVB mutaxassislari ishtirokchilar tomonidan qabul qilingan qarorlarni tahlil qilib, bozor mantig‘i va moliyaviy instrumentlar bilan ishlashning amaliy yondashuvlarini chuqurroq anglash uchun o‘z professional sharh va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Moliyaviy-iqtisodiy mavzudagi interaktiv viktorina tadbirga musobaqa ruhini bag‘ishladi. Ishtirokchilar yuqori darajadagi tayyorgarlik va faollikni namoyish qildilar va uch nafar g‘olib O‘zRVBning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
UZCE Trading Lab shunchaki ta’limiy uchrashuv bo‘lib qolmasdan, amaliy ko‘nikmalarga yo‘naltirilgan yangi formatdagi tadbirlar boshlanishiga zamin yaratdi. Ushbu dastlabki sessiya moliya-iqtisodiyot sohasiga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun muntazam o‘tkaziladigan dasturlarga asos soldi. Mazkur tashabbus zamonaviy moliyaviy instrumentlar va bozor infratuzilmasi bilan ishlay oladigan mutaxassislar avlodini shakllantirishga qaratilgan.