Tramp: O‘zbekiston uch yil ichida AQSH iqtisodiyotiga 35 milliard dollar investitsiya kiritadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH prezidenti Donald Tramp maʼlum qilishicha, O‘zbekiston uch yil davomida mahsulot xaridi va investitsiyalar orqali Amerika iqtisodiyotiga deyarli 35 milliard dollar yo‘naltiradi.
«AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi hayratlanarli savdo-iqtisodiy kelishuv haqida xabar berganimdan mamnunman, — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida. — Keyingi uch yilda O‘zbekiston strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalarni qazib chiqarish, aviatsiya, avtoqismlar ishlab chiqarish, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, energetika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va boshqa muhim sohalarni o‘z ichiga olgan asosiy amerikalik tarmoqlarda mahsulotlar sotib oladi hamda deyarli 35 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritadi».
Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi o‘n yil ichida umumiy investitsiyalar hajmi 100 milliard dollardan oshadi.
Amerika rahbari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi va AQSH respublika bilan «uzoq va samarali munosabatlar»ga tayyor ekanini taʼkidladi.
Avvalroq Tramp Oq uyda Markaziy Osiyo mamlakatlari — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston yetakchilari bilan “S5+1” formatidagi sammit doirasida uchrashuv o‘tkazgan edi.