Toshkentda Turkiyaning Oʻzbekistonga investitsiya kiritishi muhokama qilindi
Toshkentda Turkiyaning Oʻzbekistonga investitsiya kiritishi muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 13-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov raisligida Turkiya Respublikasining 20 dan ortiq biznes vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi Turkiya investorlarining O‘zbekistondagi faoliyati jarayonida yuzaga kelayotgan masalalarni muhokama qilish hamda ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha amaliy yechimlarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda Anadolu, Albayrak, Ziraat Bank, Cengiz, Çalık, Aksa, Eczacıbaşı Esan, OSTIM va Nobel kabi yirik turk kompaniyalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. Qayd etilishicha, davlat va biznes o‘rtasidagi bunday ochiq muloqot formati dunyoning faqat ayrim mamlakatlarida qo‘llaniladi.
Uchrashuv davomida turk kompaniyalarining amaliy faoliyati bilan bog‘liq qator masalalar, jumladan mahsulotlarni markirovkalash, debitor qarzdorlik, infratuzilma bilan ta’minlash hamda mehnat munosabatlarini tartibga solish masalalari muhokama qilindi va choralar belgilandi.
Shuningdek, turk tadbirkorlari bank-moliya sohasi, qurilish, energetika, kadrlar tayyorlash, farmatsevtika hamda sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida ko‘tarilgan masalalarni tezkor hal etish bo‘yicha mas’ul shaxslar belgilandi hamda tegishli topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. So‘nggi besh yil davomida o‘zaro savdo hajmi 2020-yildagi 2,5 mlrd dollardan 3 mlrd dollarga yetdi. Qo‘shma korxonalar soni 3,5 barobarga oshib, 2020-yildagi 613 tadan 2 149 taga yetdi. Turkiya investitsiyalarini o‘zlashtirish hajmi 4,5 barobarga oshib, 2025-yilda 3,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga qariyb 100 ta aviaqatnov amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda energetika, geologiya, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda turk investitsiyalari ishtirokida umumiy qiymati qariyb 10 mlrd dollarga teng qator loyihalar amalga oshirilmoqda.