Valyuta kurslari 21/11/2025
$1 – 11914.67
UZS – 0,03%
€1 – 13735.23
UZS – -0,36%
₽1 – 148.27
UZS – 0,53%
Qidirish
Toshkentda toʻqimachilik sohasida mehnat huquqlari va BCI boʻyicha konferensiya boʻlib oʻtdi

Toshkentda toʻqimachilik sohasida mehnat huquqlari va BCI boʻyicha konferensiya boʻlib oʻtdi

Toshkentda toʻqimachilik sohasida mehnat huquqlari va BCI boʻyicha konferensiya boʻlib oʻtdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun Toshkent shahrida mehnat huquqlarini himoya qilish, masʼuliyatli ishlab chiqarish va to‘qimachilik sanoatida barqaror standartlarni joriy etishga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.

Senat Raisi o‘z nutqida so‘nggi yillarda mamlakatda barcha sohalarda chuqur va tizimli islohotlar amalga oshirilgani, ayniqsa mehnat munosabatlari va majburiy mehnatni bartaraf etish yo‘nalishidagi o‘zgarishlar tarixiy ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Anjumanda 2024–2025-yillarda “Better Cotton Initiative” tomonidan amalga oshirilgan asosiy islohotlar — sertifikatlash tizimiga to‘liq o‘tish, regenerativ qishloq xo‘jaligi standartlarining yangi bosqichga ko‘tarilishi, BCI ning yangilangan leyblining joriy etilishi hamda O‘zbekiston bo‘yicha mustaqil monitoring natijalari taqdim etildi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, o‘zbek paxtasiga nisbatan “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan qo‘llanilgan boykotning bekor qilinishi - O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro miqyosdagi eng yirik eʼtiroflaridan biridir.

Shuningdek, O‘zbekiston va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi munosabatlar “monitoring va nazorat” bosqichidan “to‘liq ishonchga asoslangan sheriklik” bosqichiga o‘tganini alohida qayd etildi.

Mamlakatda har yili Davlat mehnat inspeksiyasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, mustaqil ekspertlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari ishtirokida keng ko‘lamli monitoring o‘tkazilishi davom ettirilayotgani maʼlum qilindi.

Senat Raisi O‘zbekistonning BCI, xalqaro tashkilotlar, yirik global brendlar va sertifikatlashtirish institutlari bilan hamkorligi izchil kengayayotganini taʼkidladi. Shuningdek, mamlakat barqaror ishlab chiqarish, ESG tamoyillarini qo‘llash, due diligence  amaliyotlarini joriy etish va taʼminot zanjirlarining to‘liq shaffofligini taʼminlash borasida ochiq muloqot va qo‘shma tashabbuslarga tayyor ekani qayd etildi.

Shu bilan birga, sohada keng ko‘lamli modernizatsiya amalga oshirilgani va klasterlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilganini taʼkidlandi.

Xususan, to‘qimachilik korxonalari modernizatsiya qilindi, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi va uning huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etildi, klasterlarga moliyaviy imtiyozlar hamda imtiyozli kreditlar berildi, shuningdek soliq-bojxona yengilliklari, raqamli sertifikatlash va xalqaro standartlarga mos sifat nazorati tizimlari joriy etildi.

Taʼkidlanganidek, ushbu o‘zgarishlar klasterlarning “daladan — tayyor mahsulotgacha” to‘liq zanjir asosida samarali ishlashini taʼminlab, O‘zbekistonning jahon bozoriga integratsiyasini sezilarli darajada kuchaytirmoqda.

BCI sertifikati O‘zbekiston milliy to‘qimachilik mahsulotlarining jahon bozoriga keng kirib borishi va global brendlar bilan hamkorlik imkoniyatlarini yana-da oshirayotgani alohida taʼkidlandi.

O‘zbekiston bugun to‘qimachilik sanoati bo‘yicha mintaqadagi eng ochiq, barqaror va uzoq muddatli hamkorlik uchun qulay bozorlaridan biriga aylangan. Xalqaro brendlar, investorlar va ishlab chiqaruvchilar qiziqishi oshgan va ular uchun mamlakatda ishonchli va qulay investitsion muhit shakllangan.

Anjuman yakunida ishtirokchi tomonlar o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi va kelgusidagi faoliyat uchun “yo‘l xaritasi” imzolandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling