Surxondaryo va Balx viloyatlari hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qo‘shni Afg‘oniston bilan do‘stona va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari doirasida ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy va gumanitar aloqalar izchil rivojlanmoqda.
Ushbu tashabbuslar Afg‘onistonda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va hududlararo hamkorlikni kengaytirishga ham muayyan hissa qo‘shmoqda.
Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati bilan Afg‘onistonning Balx viloyati o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik yangi bosqichda rivojlanmoqda.
Yaqinda Surxondaryo va Balx viloyatlari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha Ishchi komissiyaning beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hamkorlikning amaliy davomi sifatida Termiz xalqaro savdo markazida Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari va Balx viloyati gubernatori o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiyalarning uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuv doirasida eksport faoliyatiga oid tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, anorchilik va quritilgan mahsulotlar eksporti bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasida B2B formatida muzokaralar o‘tkazildi.
Delegatsiya aʼzolari Termiz xalqaro savdo markazining faoliyati, mavjud imkoniyatlar hamda Afg‘onistondan olib kelinayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.
Muzokaralar yakunida Surxondaryo viloyati Savdo-sanoat palatasi va Afg‘oniston Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.