Senator Sankt-Peterburg shahrida saylov institutiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
Senator Sankt-Peterburg shahrida saylov institutiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulxakim Eshmuratov Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida MDH Parlamentlararo Assambleyasi tomonidan tashkil etilgan “Saylov va referendum institutiga ishonchni oshirish: xalqaro kuzatuvning o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
Tadbirda saylovlar va referendumlarni xalqaro kuzatish faoliyatini takomillashtirish, yoshlarining elektoral madaniyatini shakllantirish, saylov jarayoniga zamonaviy axborot-texnologiyalarni joriy etish, sunʼiy intellekt va uning saylov jarayonida qo‘llanilishi, kompleks yondashuv va qonunchilik bilan saylov jarayonini tartibga solish kabi masalalar muhokama qilindi.
Anjuman doirasida senator saylov komissiyalarining mustaqilligi, siyosiy partiyalar uchun teng shart-sharoit yaratilishi, fuqarolarning saylash va saylanish huquqlarining amaldagi kafolatlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etilishi, saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligi kabi milliy saylov tizimining muhim jihatlarini taʼkidlab o‘tdi.
Konferensiya ishtirokchilari tomonidan so‘nggi yillarda O‘zbekistonda saylov va referendumlar o‘tkazishning ijobiy amaliyoti alohida qayd etildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasida saylov tashkil etish va o‘tkazishga oid qonunlar hamda kitoblar ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi.