Valyuta kurslari 18/12/2025
$1 – 12059.78
UZS – -0,38%
€1 – 14129.24
UZS – -0,73%
₽1 – 150.07
UZS – -1,63%
Qidirish
Senatda soliq va budjet siyosatining 2026-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlariga doir qonun ko‘rib chiqildi

Senatda soliq va budjet siyosatining 2026-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlariga doir qonun ko‘rib chiqildi

Senatda soliq va budjet siyosatining 2026-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlariga doir qonun ko‘rib chiqildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning o‘n ikkinchi yalpi majlisida “Soliq va budjet siyosatining 2026-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yilga mo‘ljallangan soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shu jumladan, amaldagi qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish, Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

2026 yilda ham soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foiz, foyda solig‘ining bazaviy stavkasi – 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i – 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi – 1,5 foiz, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i – 0,95 foiz, ijtimoiy soliq – 12 foiz (byudjet tashkilotlari – 25foiz), aylanmadan olinadigan soliq – 4 foiz miqdorida  o‘zgarishsiz qolmoqda.

Bundan tashqari, Soliq kodeksida qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz zanjirini yaratish, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, suv resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, mazkur Qonun mebelsozlik va zargarlik sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahsulotlarning eksportini kengaytirish, aholi daromadlarini oshirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni taʼminlashga ham yo‘naltirilgan.

Qayd etilganidek, Qonun amaliyotga tatbiq etilishi natijasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga imkon beradigan soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tegishli huquqiy munosabatlar tartibga solinishi nazarda tutilmoqda.

Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mikrofirma va kichik korxonalarga soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarima miqdori pasaytirilib, oxirgi uch oy ichida soliq hisobotlari o‘z vaqtida taqdim etib kelgan soliq to‘lovchilarga keyingi hisobotni 5 ish kungacha kechiktirgan taqdirda maʼmuriy jarima qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, bir kalendar oyda bir nechta soliq turlari bo‘yicha hisobotlar o‘z vaqtida taqdim etilmagan taqdirda, barcha hisobotlar uchun faqat bitta jarima qo‘llash mexanizmi joriy etilmoqda.

Senat aʼzolari o‘z chiqishlarida iqtisodiyotning turli soha
va tarmoqlariga, jumladan qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, mahalliy sanoat, oziq-ovqat, media va aloqa kabi sohalariga bir qator soliq va bojxona imtiyozlari berilayotganligini taʼkidladi.

Shuningdek, mazkur Qonun xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun belgilangan stavkaga nisbatan 0,5 dan 1,2 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni hamda lazerli tekislash lozim bo‘lgan sug‘oriladigan yerlar lazerli tekislanmagan taqdirda, ushbu yerlar uchun foydalaniladigan suv hajmi bo‘yicha soliq stavkalariga nisbatan 1,2 gacha oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llash vakolatini bermoqda.

Senatorlar ushbu Qonun tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama rag‘batlantirishini, teng va adolatli raqobat muhitini taʼminlashini, maʼmuriy jarimalar yukini yengillashtirishi hamda yashirin iqtisodiyotning ulushini qisqartirishga qaratilganini taʼkidladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling