Senatda “O‘zbekiston – Fransiya” birinchi parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tdi

Senatda “O‘zbekiston – Fransiya” birinchi parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tdi

 

Senatda “O‘zbekiston – Fransiya” birinchi parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi strategik sheriklikning parlament yo‘nalishini rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan “O‘zbekiston – Fransiya” birinchi parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari, senator Valeri Boye boshchiligidagi Fransiya Respublikasi Senati delegatsiyasi vakillari, shuningdek, ikki mamlakatning tegishli qo‘mita va idoralari vakillari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev forumni ochar ekan, ushbu forumning o‘tkazilishi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishda yangi sahifa ochishi va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, oliy darajada erishilgan kelishuvlar faol parlament hamrohligini talab qiladi.

Fransiya Senati aʼzosi Valeri Boye, o‘z navbatida, ikki tomonlama hamkorlikning yuqori darajasini qayd etib, Fransiya O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga muhim ahamiyat berishini va forumni parlamentlararo muloqotni kengaytirish uchun samarali maydon sifatida ko‘rishini taʼkidladi.

Forum ishtirokchilari “O‘zbekiston – Fransiya” birinchi parlamentlararo forumi siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda fikr almashish va kelishilgan yondashuvlarni ilgari surish uchun muhim platformaga aylanganini taʼkidladilar.

Forum doirasida siyosiy muloqot, iqtisodiy sheriklik va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan uchta tematik sessiya bo‘lib o‘tdi.

Birinchi sessiya davomida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, shu jumladan, parlament diplomatiyasini rivojlantirish va “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Ikkinchi sessiya investitsiyaviy va savdo hamkorligini kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi. Ikki tomonlama tovar ayirboshlash sezilarli darajada o‘sib, 2025-yilda 1,4 mlrd dollarga yetgani, shuningdek, O‘zbekistonda Fransiyaning yetakchi kompaniyalari faollashgani qayd etildi.

Uchinchi sessiya doirasida ishtirokchilar madaniy-gumanitar hamkorlik istiqbollarini, jumladan, taʼlim dasturlarini rivojlantirish va Toshkent shahrida O‘zbekiston-Fransiya universitetini tashkil etish tashabbusini ko‘rib chiqdilar.

Tadbir yakunida tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish va hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling