Qishloq xoʻjaligi vazirlari Oʻzbekiston mahsulotlarini Iroqqa yetkazib berish masalasini muhokama qilishdi
Qishloq xoʻjaligi vazirlari Oʻzbekiston mahsulotlarini Iroqqa yetkazib berish masalasini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston–Iroq investitsiya va biznes forumi doirasida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abduraxmonov Iroq Respublikasining Savdo vaziri Azir Davud Salman Al-Gurairi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur muloqot ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Uchrashuv davomida agrar sohada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekistonda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini Iroq bozoriga eksport qilish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida tajriba almashishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki mamlakat rasmiylari, ishbilarmon doira vakillari hamda Iroqning 150 ga yaqin kompaniyalari vakillari ishtirok etgan biznes forum doirasidagi uchrashuvda tomonlar tuproq tarkibini o‘rganish, don va dukkakli ekinlarni yetishtirishda O‘zbekiston tajribasini Iroqda joriy etish, bu maqsadda o‘zbekistonlik ekspertlar guruhining Iroqqa ishchi tashrifini tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Qayd etish joizki, mazkur investitsiya va biznes forumi O‘zbekiston–Iroq ishbilarmonlik hamkorligi tarixida ikkinchisi hisoblanadi. Ilk shunday tadbir 2025-yil dekabr oyida Iroq poytaxti Bag‘dod shahrida o‘tkazilgan edi. Navbatdagi forum esa ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.