Valyuta kurslari 19/09/2025
$1 – 12314.71
UZS – 0,49%
€1 – 14579.39
UZS – 0,43%
₽1 – 148.26
UZS – 0,25%
Qidirish
Prezident sog‘liqni saqlashning yangi modelini joriy etish, tibbiy xizmat sifatini oshirish masalalarini muhokama qildi

Prezident sog‘liqni saqlashning yangi modelini joriy etish, tibbiy xizmat sifatini oshirish masalalarini muhokama qildi

Prezident sog‘liqni saqlashning yangi modelini joriy etish, tibbiy xizmat sifatini oshirish masalalarini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-sentyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan hisobot bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning xalqaro tajribaga asoslangan va tibbiyotni aholiga yaqinlashtirishga qaratilgan yangi modelini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu asosda ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar, mahalla tibbiyot punktlari yagona yondashuv asosida rivojlantirilmoqda.

Buning natijasida oilaviy shifokorlar ulushini 70 foizga yetkazish mo‘ljallangan. Raqamlashtirish va qog‘oz hujjat aylanishini qisqartirish orqali tibbiyot xodimlarining ish yuklamasini qariyb uchdan bir qismga kamaytirish, fuqarolarning birlamchi bo‘g‘in xizmatlaridan qoniqish darajasini 85 foizdan oshirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning ularning kasbiy samaradorligiga bevosita bog‘liq bo‘ladigan yangi tizimi joriy etilmoqda.

Prezidentimiz ixtisoslashgan yordamni tubdan takomillashtirish muhimligini ta’kidladi. Mamlakatimizda o‘nlab ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari mavjud bo‘lib, ular zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda, budjetdan katta mablag‘ ajratilmoqda.

Shu bilan birga, aholi orasida xizmat sifati va uzun navbatlar yuzasidan e’tirozlar saqlanib qolmoqda. Ixtisoslashtirilgan markazlarda davolashning xalqaro standartlarini joriy etish, birlamchi bo‘g‘inda metodologik ishlar sustligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, barcha respublika ixtisoslashtirilgan klinikalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, ularning boshqaruviga zamonaviy, professional menejerlarni jalb qilish taklifi bildirildi. Turkiyalik mutaxassislar faoliyat yuritayotgan Respublika onkologiya va radiologiya markazi bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Ayni paytda klinik protokollarni qayta ko‘rib chiqish va yangilash davom etmoqda: hozirgacha 400 tasi qayta ko‘rildi, yil oxirigacha bu ko‘rsatkich ikki baravar oshadi. Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida uch mingdan ziyod tibbiy xizmatlar uchun tariflar metodologiyasi ishlab chiqilmoqda.

Davlatimiz rahbari yana beshta markazga xorijiy professional menejerlarni jalb qilish yoki ularni xorijdagi nufuzli klinikalar boshqaruviga berish imkoniyatini o‘rganishga topshiriq berdi.

Bunda xalqaro tajriba asosida diagnostika va davolash standartlari ishlab chiqilishi, milliy klinik protokollar yaratilishi, yangi texnologiyalar joriy qilinishi, markazlarni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqilishi, yuqori malakali mutaxassislar jalb etilishi, aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishning shaffof va adolatli tizimi yaratilishi shartligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda bolalar salomatligini muhofaza qilish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, butun dunyoda bolalarni ona suti bilan oziqlantirish muammosi dolzarb bo‘lib, ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlardan foydalanish sur’ati ortib bormoqda.

2030-yilga qadar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatkich – 6 oygacha bo‘lgan bolalarning 70 foizi faqat ona suti bilan oziqlantirilishiga erishish maqsadida mamlakatimizda ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi tasdiqlanadi.

Dastur doirasida JSST va YUNISЕFning “Ona suti bilan oziqlantirish uchun qulay sharoit yaratuvchi tibbiyot muassasasi” va “Ona suti bilan muvaffaqiyatli oziqlantirish sari 10 qadam” tashabbuslari joriy etiladi. Tibbiyot xodimlarini ona suti bilan oziqlantirish bo‘yicha o‘qitish, homilador ayollar va onalarning bilimini oshirish tadbirlari o‘tkaziladi.

Qonunchilikka ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlar reklamasini cheklashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, bolalar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, import va eksport qilish, tashish, saqlash, sotish va yetkazib berishga oid talablar hamda standartlarni takomillashtirish taklif etildi.

Prezidentimiz bildirilgan takliflarni ma’qullab, tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish va sifatini oshirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklardan o‘limni kamaytirish, yosh avlod salomatligini mustahkamlash bo‘yicha qator topshiriqlar berdi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling