Valyuta kurslari 10/03/2026
$1 – 12191.25
UZS – 0,13%
€1 – 14111.37
UZS – -0,28%
₽1 – 154.20
UZS – -0,57%
Qidirish
Pilla yetishtiruvchilarga subsidiya ajratiladi

Pilla yetishtiruvchilarga subsidiya ajratiladi

Pilla yetishtiruvchilarga subsidiya ajratiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan: pilla yetishtiruvchilarga (ipak qurti boquvchi va kasanachilarga) “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori asosida pillachilik klasteri haqiqatda pilla uchun to‘lab bergan mablag‘larning 35 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi;

O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi (O‘rmon agentligi) balansidagi yer maydonlarida tashkil etiladigan tutzorlarda pilla kooperativi tuzish maqsadlari uchun ushbu kooperativ aʼzosi hisoblanadigan kambag‘al oilalarga (1 ta oilaning 1 nafar aʼzosiga faqat 1 marta) 4 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi;

ipak qurtini parvarishlashda zarur bo‘ladigan asbob-uskuna va jihozlarni xarid qilish uchun kasanachilarga 3 yil muddatga BHMning 50 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi;

urug‘chilik korxonalariga ipak qurti urug‘larini tayyorlash faoliyatiga jalb etiladigan har bir mavsumiy ishchi oylik ish haqining 50 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2 baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilib beriladi.

2026 yil 1 yanvardan 2029 yil 1 yanvarga qadar:

pillachilik klasterlarining pilla yetishtirish va saqlash uchun foydalaniladigan bino va inshootlari mol-mulk solig‘i hamda ular egallagan yer uchastkalari yer solig‘idan ozod qilinadi;

ipakchilik faoliyatidan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadining kamida 70 foizini tashkil etgan ipakchilik korxonalariga foyda solig‘i 2 foiz miqdorida belgilanadi;

ipak mato va ipakdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni joriy qilgan korxonalar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz stavkada

Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan 2029 yil 1 yanvarga qadar ipak qurti urug‘larini tayyorlash va qurtxonalarda pilla yetishtirish bo‘yicha mavsumiy ishlarga jalb qilingan aholining mazkur faoliyatdan olgan daromadi daromad va ijtimoiy soliqlarning soliqqa solish obyekti sifatida hisoblanmaydi.

Tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish xarajatlari uchun yangidan tashkil etilgan tutzorlarning har bir gektariga Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan 8 mln so‘mgacha subsidiya taqdim etiladi.

Maydoni 2 va undan ziyod gektardagi tutzorlarga vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash va ishga tushirish, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasi va suv inshootlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 100 foiziga, biroq 150 mln so‘mdan oshmaydigan miqdorda subsidiya taqdim etiladi.

Mavjud tutzorlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman hokimliklari tomonidan olib qo‘yish hamda ular joylashgan yer uchastkalarining yer fondi toifasini o‘zgartirish qatʼiy taqiqlanadi.

2026 yil 1 sentyabrga qadar “pillachilik.uz” elektron platformasi (Platforma) ishga tushiriladi. Bunda:

mavjud tutzorlar yer maydonlari, pilla yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar ro‘yxati, maqsadli ko‘rsatkichlar va tuzilgan shartnomalar, ipak qurti urug‘ining tarqatilishi hamda pilla hosilini qabul qilish jarayonlari Platformada aks ettirib boriladi;

Platforma doirasida pilla yetishtirish agrotexnikasi qoidalari to‘g‘risida o‘quv qo‘llanmalar va mediakontentlarni o‘z ichiga olgan mobil ilova ishlab chiqiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling