Paralimpiya sport turlari bo‘yicha sport terma jamoalarini shakllantirish tartibi belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori bilan “Paralimpiya sport turlari bo‘yicha sport terma jamoalarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur Nizom iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) orqali paralimpiya sport turlari bo‘yicha sport terma jamoalarini shakllantirish tartibini belgilaydi.
Quyidagilar sport terma jamoalarini va ularning zaxirasini shakllantirishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
paralimpiya sport turlari bo‘yicha respublika va xalqaro nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijadorlikni taʼminlash;
sportchilarni tayyorlashning ilg‘or metodlarini o‘quv-mashg‘ulot jarayoniga joriy etish;
sportchilarning jismoniy, texnik-taktik, psixologik tayyorligini takomillashtirish, ularning sport mahoratini oshirish;
jismoniy tarbiya-sport harakatini va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish.
Sport terma jamoalarini va ularning zaxirasini shakllantirishga faqat O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan belgilangan tartibda Sport turlari reyestriga kiritilgan paralimpiya sport turlari bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi.
Sport terma jamoalarining tarkiblari tegishli buyruq bilan 1 yil muddatga tasdiqlanadi va kalendar yilning 1 yanvaridan 31 dekabrigacha amal qiladi.