Oʻzbekistonda kriptovalyuta uchun Telegram hamyoni rasman ishga tushirildi
Oʻzbekistonda kriptovalyuta uchun Telegram hamyoni rasman ishga tushirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Telegram’dagi Wallet, Telegram ichiga o‘rnatilgan xalqaro kripto hamyon, O‘zbekistonda rasmiy ravishda ishga tushirildi. Bugundan boshlab O‘zbekistonlik Telegram foydalanuvchilari messenjer interfeysi ichida Wallet’dan bemalol foydalanib, mahalliy to‘lov tizimlari orqali kriptovalyutalarni xarid qilish va sotishlari mumkin.
Telegram O‘zbekistonda 27 milliondan ortiq auditoriyaga ega bo‘lib, mamlakatdagi eng ommabop messenjer sanaladi. Wallet to‘g‘ridan-to‘g‘ri Telegram interfeysiga integratsiya qilingan, shu sababli foydalanuvchilarga alohida ilova o‘rnatishga hojat yo‘q. Ro‘yxatdan o‘tish bir necha soniya vaqt oladi va tanish ekotizim ichida kripto aktivlar bilan tezkor va shaffof ishlash imkonini beradi.
Telegram’dagi Wallet Bitcoin, Toncoin, USDT va yana 200 dan ortiq mashhur tokenlarni qo‘llab-quvvatlaydi. U Telegram’ga xos qulay foydalanuvchi tajribasini kripto aktivlar va o‘tkazmalarni boshqarish imkoniyatlari bilan birlashtiradi. Xizmat yordamida kripto aktivlarni sotib olish, yuborish va qabul qilish Telegram’da oddiy xabar yuborish kabi oson. Bu format ayniqsa O‘zbekistonda dolzarb, chunki internet-faol aholining 88 foizidan ortig‘i Telegram’dan asosiy aloqa vositasi sifatida foydalanadi. Wallet’ning kundalik foydalanuvchi tajribasiga integratsiya qilinishi kripto aktivlar bilan ishlashni yanada qulay va tabiiy qiladi.
Wallet O‘zbekiston foydalanuvchilari uchun global moliyaviy bozorlarga va zamonaviy investitsiya vositalariga kirish imkonini ochadi. Xizmat kirish to‘siqlarini kamaytiradi va texnologik iqtisodiyotda ishtirok etishni nafaqat tayyor investorlarga, balki keng ommaga ham ochiq qiladi. Wallet’ning maqsadi moliyani demokratlashtirish – har bir foydalanuvchiga kripto aktivlarini boshqarish, investitsiya portfelini shakllantirish va blokcheyn asosidagi global moliyaviy jarayonlarda ishtirok etish uchun intuitiv va xavfsiz vosita taqdim etishdir.
Wallet’ning texnologik bazasini Asterium – O‘zbekistondagi eng yirik kriptoekotizim va kuchli fintech ishtirokchisi taqdim etadi. Platforma foydalanuvchilarga Humo, Visa va Mastercard kartalari orqali vositachilarsiz xavfsiz tarzda kripto aktivlarni xarid qilish, sotish, saqlash, o‘tkazish va sarflash imkonini beradi, bu esa firibgarlik xavflarini kamaytiradi. Operatsiyalar tezligi, saqlash ishonchliligi, tariflarning shaffofligi va ma’lumotlarni himoya qilishning yuqori darajasi xizmatni barcha toifadagi foydalanuvchilar uchun qulay qiladi.
«Asterium’ning missiyasi – kripto aktivlar bilan ishlashni har bir odam uchun oson va qulay qilish. Wallet bizning mahsulotlarga bo‘lgan yondashuvimizga to‘liq mos keladi: u qulay, shaffof va xavfsiz, demak odamlar uchun foydali. Asterium foydalanuvchilar hayotini yengillashtiradigan yechimlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor», – dedi Asterium bosh direktori Komilxo‘ja Sultonov.
Xizmat ishga tushirilishi Telegram’dagi Wallet’ning O'zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (NAPP) tomonidan rasmiy litsenziya olganidan so‘ng amalga oshirildi. Bu ma’lumotlarni himoya qilish, foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish va moliyaviy qonunbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha qat’iy choralarni kafolatlaydi. Bu foydalanuvchilar va hamkorlar uchun xavfsiz hamda shaffof muhit yaratib, O‘zbekistondagi moliyaviy transformatsiya maqsadlariga mos keladi.
«Bugungi kunda O‘zbekiston dunyodagi eng dinamik fintech bozorlaridan biridir», – dedi The Open Platform (TOP) asoschisi va bosh direktori, Telegramdagi Wallet’ni rivojlantiruvchi texnologik kompaniya rahbari Andrey Rogozoв. – «Telegram miqyosi, tartibga solishning aniq va ravshanligi, mobil internetning yuqori darajadagi keng tarqalganligi O‘zbekistonni rivojlanayotgan bozorlarda qulay va texnologik moliyaviy xizmatlarga tez o‘tish mumkinligini ko‘rsatadigan yorqin misolga aylantiradi. Bu ishga tushirish bizni kripto aktivlarni hammaga qulay, oddiy va xavfsiz qilish maqsadiga yanada yaqinlashtiradi».
O‘zbekiston texnologik vositalar uchun eng ilg‘or huquqiy tuzilmalardan birini bosqichma-bosqich yaratdi. NAPP tomonidan belgilangan litsenziyalash talablari sektor o‘sishi uchun barqaror asos yaratadi va milliy organlarning tartibga solingan innovatsiyalarni hamda iste’molchilar xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini aks ettiradi. Telegram’dagi Wallet’ning ishga tushirilishi ushbu yo‘nalishni mustahkamlaydi va millionlab foydalanuvchilar uchun texnologik vositalarga kirishni ta’minlaydigan to‘liq reglamentga mos yechimni taqdim etadi.
Bugungi kunda Wallet’da dunyo bo‘ylab 150 milliondan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Ushbu ishga tushirish 2025-yil iyul oyida AQShda Wallet in Telegram xizmatining ishga tushirilishidan keyin amalga oshdi va keyingi ikki yil ichida yana 15 ta bozorda ishga tushirish rejalashtirilgan.