Oʻzbekistonda 2,1 milliard soʻmlik guruchni noqonuniy sotishga urinishning oldi olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bojxona qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Andijon va Fargʻona viloyatlari bojxona boshqarmalari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda soxta tranzit operatsiyasiga chek qoʻyildi.
Joriy yilning 2-noyabr kuni Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “S.Najimov” chegara bojxona posti orqali 50 tonna oqshoq yaʼni sechka yuklangan 2 ta yuk avtotransport vositasi kirib keladi. Hujjatlarga koʻra, mazkur transport vositalari respublikamiz hududidan tranzit tarzida harakatlanib, Andijon viloyatidagi “Doʻstlik” chegara bojxona posti orqali qoʻshni davlatga oʻtib ketishi belgilangan edi.
Ammo, haydovchilarning belgilangan manzil qolib, Fargʻona viloyati Bogʻdod tumanidagi xususiy omborlardan biri sari harakatlangani bejiz emas ekan. Qarang-ki, mazkur ombor hududida yuk avtotransport vositalariga yuklangan 50 tonna oqshoq tirkamaga ilingan bojxona plombalariga ziyon yetkazilmagan holda tushirilib, sotib yuboriladi.
Soʻngra Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi omborlardan birida boʻshagan yuk avtotransport vositasiga bojxona stavkasi nisbatan yuqori boʻlgan 50 tonna ogʻirlikdagi mahalliy “lazer” navli guruch ortilayotgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan toʻxtatib qolindi.
Shunday qilib, respublika hududidan guruchni noqonuniy ravishda olib chiqishga qaratilgan soxta tranzit operatsiyasini amalga oshirish orqali yuk egalari davlat byudjetiga undiriladigan 500 mln. soʻmlik bojxona toʻlvolaridan qochishga urinishgan. Tezkor tadbir yakunida taxminiy qiymati 2,1 mlrd. soʻmlik 50 tonna guruch, 50 tonna oqshoq hamda 2 ta yuk avtotransport vositasi vaqtincha saqlovga olindi.
Hozirda holat yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.