Oʻzbekiston va Jahon banki islohotlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 800 million dollarlik shartnoma imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘tgan hafta Jahon banki guruhining Vashingtondagi har yillik uchrashuvlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin 800 million dollarlik imtiyozli kreditlar ko‘rinishadagi moliyalashtirish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar.
Jahon banki tomonidan taqdim etilayotgan ushbu mablag‘lar hukumatga muhim ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda bir qator islohotlarni amalga oshirishga yordam beradi.
Jamshid Qo‘chqorov va O‘zbekiston Markaziy banki raisi Timur Ishmetov Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani bilan ham samarali muzokaralar o‘tkazishdi.
Uchrashuvda hukumatning makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoatida unumdorlik va eksportni oshirish, statistika tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlashdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, transport bog‘liqligini rivojlantirish, energetika va suv resurslari sohasida milliy va mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, davlat korxonalarini isloh qilish chora-tadbirlarini muhokama qildilar. Ushbu yo‘nalishlarning barchasida Jahon banki va O‘zbekiston yaqin hamkorlikni davom ettirmoqda.
Uchrashuv ishtirokchilari Bankning moliyaviy va texnik ko‘magi bilan hukumat tomonidan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan amaldagi va rejalashtirilgan loyihalarni ham muhokama qildilar.
Hozirgi vaqtda Jahon bankining O‘zbekistondagi investitsiya portfelining umumiy qiymati 5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 26 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Mamlakat YeMO mintaqasida Turkiya va Ukrainadan keyin Bankning uchinchi yirik mijozi hisoblanadi.