Oʻzbekiston va Jahon banki gaz sizib chiqishini bartaraf etish loyihasini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Jahon banki gaz sizib chiqishini bartaraf etish loyihasini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 18-dekabr kuni Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda gaz sizib chiqishlarini bartaraf etish” loyihasi doirasida Jahon banki, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Oʻztransgaz” AJ vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjayev, Jahon bankining gaz bo‘yicha katta mutaxassisi Robert van der Gest va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasida gaz sizib chiqishlarini bartaraf etishga qaratilgan loyihani amalga oshirish bo‘yicha asosiy institutsional va moliyaviy masalalar ko‘rib chiqildi.
Xususan, loyiha doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “O‘ztransgaz” AJning rollari va mas’uliyatlari, gaz sizib chiqishlarini aniqlash va ta’mirlash ishlarini rejalashtirish, ushbu ishlarni skriningdan o‘tkazish, shuningdek grant mablag‘larini ajratish va o‘zlashtirish mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, gaz yo‘qotishlari qisqarishi natijasida yuzaga keladigan moliyaviy tejamkorlikni mustaqil verifikatsiya qilish, ushbu tejamkorlikni maxsus jamg‘arib boriladigan hisobda to‘plash va keyinchalik qayta investitsiya qilish mexanizmi hamda uning gaz tariflari bilan o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha yondashuvlar tahlil qilindi.
Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekiston gaz sektorida “O‘ztransgaz” AJ tasarrufidagi mavjud aktivlarda gaz sizib chiqishlarini bartaraf etish orqali nazoratsiz metan chiqindilari va texnik yo‘qotishlarni sezilarli darajada qisqartirish, shuningdek qayta tiklangan gazdan olingan moliyaviy tejamkorlikni qayta investitsiya qilish orqali qo‘shimcha kapitalni safarbar etishni ta’minlashdan iborat.
Loyihaning tavsifiga ko‘ra, loyiha O‘zbekiston gaz sektoridagi davlat operatorlariga qarashli mavjud aktivlardagi sizib chiqishlarni bartaraf etish uchun moliyaviy fond – “Gas Leakage Financial Facility”ni tashkil etishni nazarda tutadi.
Mazkur moliyaviy fond o‘z faoliyatini Jahon Banki tomonidan ajratiladigan 10 mln AQSH dollari miqdoridagi dastlabki grant mablag‘lari bilan boshlaydi. Ushbu mablag‘lar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan metan chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan ta’mirlash ishlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Uchrashuv yakunida loyihani amalga oshirishga oid yakuniy hujjatlar, jumladan grant kelishuvi hamda Hukumat qarori loyihasini tayyorlash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar kelishib olindi.