Oʻzbekiston va Huawei AKT va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Huawei AKT va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 10-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatovni “Huawei” kompaniyasining Oʻzbekistondagi Bosh direktori Tan Syaosyan bilan ishchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda tomonlar qator muhim masalalar, jumladan mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Xususan, jamoat tartibini taʼminlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida intellektual videonazorat tizimlarini joriy etish, ommaviy va sport tadbirlarning xavfsizligini taʼminlashda yuqori texnologiyalarni qoʻllash, kiberxavfsizlik masalalarida zamonaviy yechimlar hamda taʼlim sohasida innovatsion texnologiyalarni samarali qoʻllay oladigan malakali mutaxassislarni tayyorlash yoʻnalishida hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrildi.
Uchrashuvda tomonlar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha yechimlarni joriy qilish va xavfsizlik sohasida qoʻshma loyihalarni rivojlantirish, shuningdek kadrlar tayyorlashda hamkorlikni kuchaytirish masalalari boʻyicha istiqbolli vazifalarni kelishib oldilar.