Valyuta kurslari 16/12/2025
$1 – 12130.01
UZS – 0,27%
€1 – 14245.48
UZS – 0,36%
₽1 – 153.04
UZS – 0,84%
Qidirish
Oʻzbekiston Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun Jahon bankidan 100 million dollarlik kredit oldi

Oʻzbekiston Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun Jahon bankidan 100 million dollarlik kredit oldi

Oʻzbekiston Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun Jahon bankidan 100 million dollarlik kredit oldi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun 100 mln dollar miqdoridagi kredit va 5 mln dollar miqdoridagi grantni ma’qulladi.

Ushbu mablag‘lar “Ish o‘rinlarini yaratish va biznesni rivojlantirish uchun moliyalashtirishdan foydalanish” (Access to Finance for Jobs and Growth Project, FINGROW) loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Loyihaning maqsadi — kapital tanqisligini boshdan kechirayotgan mikro, kichik va o‘rta korxonalarning (MKO‘K) kredit resurslaridan foydalanish va ularning kapitaliga xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.

O‘zbekistonda MKO‘Klar barcha korxonalarning 90 foizdan ortig‘ini tashkil etadi, umumiy bandlikning 75 foizini ta’minlaydi va YaIMning qariyb 55 foizini yaratadi. So‘nggi yillarda kichik va o‘rta biznesni kreditlash hajmining oshishiga qaramay, hali ham korxonalarning kapitaldan foydalanish imkoniyati cheklangan, bu esa ularning biznesni rivojlantirishi, iqtisodiyotga hissa qo‘shishi va ish o‘rinlarini yaratishiga to‘sqinlik qilmoqda.

MKO‘Klarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i bankda o‘z hisobiga ega emas va ularning savdosining 30 foizdan kamrog‘i elektron shaklda amalga oshiriladi. Kredit mablag‘laridan foydalanish imkoniyati pastligicha qolmoqda. Masalan, kichik korxonalarning atigi 10 foizi va o‘rta korxonalarning 16 foizi kreditlari borligini ma’lum qilishgan. MKO‘Klarning kredit mablag‘lariga bo‘lgan umumiy talabi 13 milliard dollarga baholanmoqda, moliyalashtirish taqchilligi esa taxminan 6 milliard dollarni tashkil etadi.

Xotin-qizlar rahbarlik qilayotgan korxonalar yanada jiddiyroq moliyaviy cheklovlarga duch kelmoqda. Ro‘yxatdan o‘tgan MKO‘Klarning deyarli uchdan bir qismi ayollarga tegishli bo‘lishiga qaramay, ularning bunday korxonalarga berilgan kreditlardagi hissasi atigi 14 foizni tashkil etadi. Natijada, ayollar boshchiligidagi korxonalarning 23 foizi moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatini o‘zlarining asosiy muammolari deb hisoblashadi, erkaklar boshchiligidagi korxonalarda bu ko‘rsatkich 10 foizga teng. Bunday tengsizlik ayollar tadbirkorligining o‘sishini va mamlakatning iqtisodiy salohiyatini cheklaydi.

O‘zbekistonda biznesni kengaytirishga intilayotgan MKO‘Klar ham korxonalar kapitaliga xususiy investitsiyalarni jalb qilishdan manfaatdor. Bunday investitsiyalarga bo‘lgan talab 20-30 milliard dollarga baholanmoqda, shu bilan birga, mamlakatda faoliyat yuritayotgan uchta to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armalarining jalb qilingan kapitalining umumiy hajmi atigi 2 milliard dollarga yaqinni tashkil etadi.

Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan FINGROW loyihasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” (TRK) AJga MKO‘Klarning moliyalashtirishdan foydalanishdagi muammolarini hal qilishda yordam beradi. TRKning professional boshqariladigan sho‘ba tuzilmalari banklar, mikromoliya tashkilotlari va xususiy kapital sohasidagi investorlar bilan MKO‘Klarga kredit (bank) kafolatlarini berish va raqobatbardosh korxonalar kapitaliga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga ko‘maklashish uchun o‘zaro hamkorlik qiladi.

“Innovatsion moliyaviy xizmatlardan foydalanishni rag‘batlantirish hamda kapitaldan foydalanishni kengaytirish va xususiy sektor o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul bo‘lgan institutlarni mustahkamlash orqali FINGROW loyihasi O‘zbekistonda tezlik bilan o‘sib borayotgan korxonalar uchun yangi imkoniyatlar ochadi, tadbirkorlikni rivojlantirish va ko‘proq yaxshi haq to‘lanadigan, shu jumladan ayollar va yoshlar o‘rtasida ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi,” — deya ta’kidladi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin.

2030-yilga borib, loyiha natijasida taxminan 7 ming MKO‘Klar, shu jumladan ayollar va yoshlar rahbarligidagi 4,5 ming korxonalar uchun kredit mablag‘laridan foydalanish imkoniyati ta’minlanishi kutilmoqda. Ushbu qo‘llab-quvvatlash benefitsiar kompaniyalarga 100 mingga yaqin yangi va yaxshi haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi, ularning yarmidan ko‘pini esa ayollar va yosh ishchilar egallashadi.

Bundan tashqari, loyiha doirasida 70 tagacha yuqori o‘sish salohiyatiga ega bo‘lgan kichik va o‘rta korxonalar kapitaliga xususiy investitsiyalarni jalb qilish hamda biznesni kengaytirish uchun yangi bilim va tajribalarni ulashish orqali qo‘llab-quvvatlanadi. Ushbu korxonalarning aksariyat qismi ayollar va yosh rahbarlar tomonidan boshqariladi.

“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJning sho‘ba tuzilmalari banklar, mikromoliya tashkilotlari va xususiy investorlar bilan hamkorlikda qo‘shimcha 500 million dollarlik xususiy kapitalni jalb qiladi. Ushbu mablag‘lar kredit mablag‘laridan foydalanishni ta’minlash va ko‘proq MKO‘Klar uchun korxonalar kapitaliga xususiy investitsiyalar oqimini ta’minlash imkonini beradi.

Ushbu loyiha Jahon banki guruhining Yevropa va Markaziy Osiyo (YMO) mamlakatlarida biznesning moliyaviy xizmatlar va vositalardan foydalanish imkoniyatini yaxshilashga qaratilgan 4 milliard dollarlik mintaqaviy tashabbusi bo‘lgan “Ish o‘rinlarini yaratish va biznesni rivojlantirish uchun moliyalashtirishdan foydalanish” (FINGROW) dasturining bir qismidir. Dastur xususiy sektorning o‘sishini va 3,5 million ish o‘rni yaratilishini rag‘batlantiradi. O‘zbekiston va Turkiya davlatlari FINGROW dasturi doirasida yordam olgan YMO mintaqasidagi birinchi mamlakatlar bo‘lishdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling