Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Xitoyning xavfsizlikni taʼminlash va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish tajribasini oʻrgandi
Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Xitoyning xavfsizlikni taʼminlash va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish tajribasini oʻrgandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrif uyushtirib, jamoat xavfsizligini taʼminlash, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotiga tatbiq etish hamda kadrlar tayyorlash sohasida Xitoyning ilgʻor tajribasini oʻrganish maqsadida qator uchrashuv va amaliy tadbirlarda ishtirok etdi.
Tashrif davomida ikki mamlakat oʻrtasida xavfsizlik sohasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan samarali muloqot va tajriba almashinuvi amalga oshirildi.
Tadbir davomida Ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatov Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun janoblari bilan ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazdi. Muloqot davomida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Xitoyning Jamoat xavfsizligi vazirligi oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, transmilliy hamda axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, shuningdek oʻzaro tajriba almashish hamda kadrlar tayyorlash kabi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga oid masalalar muhokama qilindi.
Tashrif dasturiga binoan mamlakatimiz delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi vazirligi (XXR JXV)ning Birinchi tadqiqot institutida boʻlib, u yerda xavfsizlik sohasida tatbiq etilayotgan ilmiy-amaliy ishlanmalar, raqamli texnologiyalar va axborot bazalarini boshqarish tizimlari bilan batafsil tanishdilar.
Institut mutaxassislari tomonidan Oʻzbekiston delegatsiyasiga qoʻllanilayotgan innovatsion dasturiy taʼminot, intellektual videoanaliz, qidiruv va tezkor-qidiruv faoliyatiga oid ishlanmalar kabi yoʻnalishlardagi yutuqlar haqida taqdimot oʻtkazildi.
XXR JXV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasiga tashrif ham muhim nuqtalardan biri boʻldi. Boshqarma rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda global darajada oʻsib borayotgan kiberhujumlar, elektron firibgarlik, shaxsiy maʼlumotlar xavfsizligi va raqamli iqtisodiyotni muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi.
Xitoy tomoni oʻzlarining kiber tahdidlarni erta aniqlash platformalari, elektron toʻlovlar sohasidagi firibgarlikka qarshi texnologiyalari, internet monitoringi hamda tahdidlar xatarini baholash tizimi kabi ilgʻor yechimlarini namoyish etdi. Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari mazkur amaliyotlarni mamlakatimiz kiberxavfsizlik tizimini takomillashtirishda qoʻllash imkoniyatlarini muhokama qildi.
Tadbir davomida delegatsiya Pekin shahar Jamoat xavfsizligi byurosining Huquqni muhofaza qilish va tergov ishlari markazida ham boʻlib, u yerda jinoyat hodisalarini raqamli modellashtirish, kriminalistik ekspertizalarning yangi turlari, hujjatlar va audio-video dalillarni avtomatlashtirilgan tarzda tahlil qilish kabi zamonaviy texnologiyalar bilan yaqindan tanishdilar.
Bundan tashqari, XXR Jamoat xavfsizligi universitetiga tashrif amalga oshirilib, kadrlar tayyorlashning zamonaviy modellari, oʻquv kurslari, amaliy mashgʻulotlarni tashkil etish tajribasi oʻrganildi.
Tashrifning keyingi bosqichi Xitoyning Guandun provinsiyasida oʻtdi. Provinsiya Jamoat xavfsizligi departamentida delegatsiyaga hududiy xavfsizlikni taʼminlash, jamoat tartibiga boʻlgan tahdidlarni monitoring qilish, yoʻl harakati xavfsizligini yaxshilash va tezkor markazlarni boshqarish tizimlari haqida axborot berildi.
Shenchjen shahrida esa delegatsiya zamonaviy texnik yoʻnalishlarning qator muhim obyektlarini koʻzdan kechirdi, Uchuvchisiz uchish apparatlari boʻlinmasi — dronlardan qutqaruv amaliyotlari, jinoyatlarni aniqlash va profilaktika ishlarida foydalanish tartibi Politsiya aviatsiya boshqarmasi — havo patrulining imkoniyatlari, boshqaruv markazi, tezkor monitoring tizimlari hamda Kiberfiribgarlikka qarshi markaz — raqamli tahdidlardan muhofaza qilishning yuqori texnologiyali yechimlari.
Shuningdek, mamlakatimiz delegatsiyasi 15-Butun Xitoy sport oʻyinlarining yopilish marosimida ishtirok etib, ommaviy tadbirlarda xavfsizlikni taʼminlashning yirik masshtabli modeli bilan tanishdilar.
Tashrifning yakuniy qismida delegatsiya “Huawei” kompaniyasining “Songshan Lake” ilmiy-texnologik kampusida boʻldi. Kompaniya mutaxassislari tomonidan intellektual nazorat va monitoring platformalari, axborot xavfsizligi yechimlari, politsiya tizimi uchun raqamli boshqaruv platformalari, jamoat xavfsizligi sohasidagi sunʼiy intellekt texnologiyalarining barcha imkoniyatlari namoyish etildi.
Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasining mazkur tashrifi ikki mamlakat oʻrtasida xavfsizlik sohasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqib, amaliy tajriba va ilgʻor texnologiyalar mamlakatimizda joriy etishda muhim amaliy ahamiyatga ega boʻladi.