O‘zbekistonning birinchi elchisi Yangi Zelandiya General-gubernatoriga ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekistonning birinchi elchisi Yangi Zelandiya General-gubernatoriga ishonch yorliqlarini topshirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Vellington shahridagi “Government House” qarorgohida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda O‘zbekistonning Singapurdagi elchisi Alisher Qayumov Yangi Zelandiyada o‘rindoshlik asosidagi elchi sifatida ushbu davlat General-gubernatori Dame Sindi Kiroga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston elchisi Yangi Zelandiyaning maori tub aholisiga xos qadimiy anʼanalar asosida tantanali ravishda kutib olindi.
Rasmiy marosim va undan keyingi suhbat chog‘ida so‘nggi yillarda izchil rivojlanib borayotgan O‘zbekiston – Yangi Zelandiya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilm-fan, taʼlim va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
General-gubernator Dame Sindi Kiro O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. U davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va xalqaro biznes uchun qulay investitsiya muhitini yaratish borasida erishilayotgan natijalarni alohida taʼkidladi.
Suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, siyosiy muloqotni faollashtirish, shuningdek savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa o‘zaro manfaatli sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim ekani qayd etildi.
Shu bilan birga, Yangi Zelandiya tomoni mamlakatlar o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni hamda boshqa sohalarda yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida General-gubernator Dame Sindi Kiro ikki tomonlama munosabatlarni bundan buyon ham mustahkamlashdan manfaatdor ekanini taʼkidlab, O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga samimiy tilaklarini yo‘lladi.