O‘zbekistonda paxta urug‘i narxi va taʼminoti nazoratda
O‘zbekistonda paxta urug‘i narxi va taʼminoti nazoratda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ijtimoiy tarmoqlar, jumladan Telegram va Facebook orqali kelib tushgan paxta urug‘larining narxi va yetkazib berish muddatlari bo‘yicha murojaatlarga izoh berdi.
Idora taʼkidlashicha, mazkur masala davlat rahbarining topshiriqlari va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida tartibga solinadi.
Xususan, Prezident farmonlari va Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 20 martdagi qaroriga muvofiq, import qilingan urug‘lar narxi bir kilogramm uchun 45 000 so‘mdan oshmasligi kerak. Shuningdek, Paxtachilik kengashi tomonidan importyorlardan ushbu talablarga rioya qilish bo‘yicha kafolatlar olingan.
Shu bilan birga, vazirlik hududlardan kelib tushayotgan maʼlumotlar va fuqarolar murojaatlarini o‘rganmoqda. Ayrim holatlarda urug‘larni belgilangan narxdan yuqori sotish yoki o‘z vaqtida yetkazib bermaslik holatlari aniqlangan.
Ushbu holatlar yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda, har bir holatga huquqiy baho beriladi va qonunbuzarlarga nisbatan qatʼiy choralar qo‘llaniladi.
Qo‘shimcha ravishda, oldindan to‘lovni amalga oshirgan fermerlarga urug‘larni o‘z vaqtida yetkazib berish ustidan nazorat kuchaytirildi.
Vazirlik fuqarolar va fermerlar murojaatlarini bundan buyon ham sinchiklab o‘rganishini hamda har bir asosli holat bo‘yicha belgilangan tartibda choralar ko‘rilishini taʼminlashini maʼlum qildi.