O‘zbekistonda moliyaviy inklyuziya: tendensiyalar va asosiy yo‘nalishlar
O‘zbekistonda moliyaviy inklyuziya: tendensiyalar va asosiy yo‘nalishlar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan O‘zbekistonda moliyaviy inklyuziyaning tendensiyalari va asosiy yo‘nalishlari tahlil qilindi.
Moliyaviy inklyuziya - bu aholining barcha qatlamlarini sifatli va hammabop moliyaviy xizmatlar bilan ta'minlash.
2024-yil holatiga ko‘ra, dunyo aholisining 79 foizi o‘zining bank hisob raqamiga ega. Jumladan, 2021-2024 yillar oralig’ida moliyaviy hisobga ega aholi soni 5 foiz bandga, o’rta va past daromadli mamlakatlarda esa 6 foiz bandga oshgan. Global Findex (2025) hisobotiga ko’ra, 2024-yilda o’rta va past daromadli mamlakatlarda aholining 40 foizi (o’sish 2021-yildagiga nisbatan 16 foiz) o’z mablag’larini bank va moliyaviy tashkilotlarda saqlagan.
Tahlilda Jahon banki tomonidan 2018-yil sentyabrdan 2025-yil iyun oyigacha o‘tkazilgan va “Oʻzbekiston fuqarolari fikrini oʻrganish soʻrovnomasi” (Listening to the Citizens of Uzbekistan – L2CU) deb nomlangan so‘rov natijalaridan foydalanildi. So'rov har oyda taxminan 1503 ta uy xo‘jaligidan olingan (jami 121 618 ta kuzatuv) ijtimoiy va iqtisodiy ma'lumotlarni o'z ichiga qamrab oladi.
MHTI mutaxassislarining tahlili chog'ida quyidagilar aniqlandi:
2018-yilda respondentlarning 97,7 foizi oʻz mablagʻlarini naqd pul koʻrinishida uyda saqlashni ma’qul koʻrgan boʻlsa, 2025-yilda ushbu koʻrsatkich 92,7 foizgacha qisqargan. 2018-2025 yillar mobaynida bank hisobvaraqlaridan foydalanish darajasi 4,2 foiz bandga va muddatli depozitlar shaklida saqlash 3 foiz bandga, o‘z navbatida respondentlar ulushi mos ravishda 6 barobar va 3 barobarga oshgan. Bu esa aholining moliyaviy savodxonligi ortib borayotgani va bank tizimiga ishonchi mustahkamlanayotganini anglatadi.
2021-yilda uy xo‘jaliklarining 41 foizida bank kartasi boʻlmagan. 2025-yilga kelib, plastik kartalar ijtimoiy nafaqalar,davlat toʻlovlari, ish haqi, pul oʻtkazmalari uchun asosiy kanalga aylanib, bu koʻrsatkich 15 foizgacha qisqardi. Jumladan, 2021-yilning II choragida soʻrovda qatnashgan uy xoʻjaliklarining 57 foizi bank kartasiga ega ekanligini bildirgan boʻlsa, 2025-yilning II choragiga kelib, ularning ulushi 85 foiz atrofida shakllandi. Ushbu davrda (2021–2025) savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalarida terminal infratuzilmasining yaxshilanishi, UzCard va Humo tizimlarining kengayishi, shuningdek, ish haqi va pensiya toʻlovlarining bosqichma-bosqich bank kartalariga oʻtkazilishi moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirib, bank kartalarining ommalashuvi va moliyaviy inklyuziya darajasining sezilarli oshishiga olib keldi.
2021-yildan 2025-yilga qadar boʻlgan davrda respondentlarning kamida 92 foizi soʻnggi 30 kunda bank kartasiga mablagʻ tushganini va kamida 91 foizi bank kartasi orqali xarid qilganini taʼkidlagan. Qolaversa, 2021-yil may oyida respondentlarning qariyb 81 foizi soʻnggi 30 kun ichida bank kartasi orqali bankomatdan naqd pul olganini bildirgan bo'lsa, 2025-yilning birinchi yarmida bu ulush 95 foizga yetgan, yaʼni bankomatlardan foydalanish darajasi sezilarli darajada oshgan.
Joriy yilning 12-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Farmonda 2030-yilgacha savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida aholi tomonidan to‘lovlarni naqd pulsiz amalga oshirish ulushini 75 foizga yetkazish maqsadli ko‘rsatkich sifatida belgilangan.
Tahlil natijasi, respondentlar orasida moliyaviy tranzaksiyalarning elektron shaklda bo‘lishini qo‘llab-quvvatlovchilar 2021-yildagi 78 foizdan 2025-yilning birinchi yarmida 89 foizga yetganini ko‘rsatmoqda.
Bu aholi orasida elektron tranzaksiyalar ko'proq ommalashayotganini anglatadi.