O‘zbekistonda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimining ilk natijalari baholanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish ijobiy natijalarni ko‘rsatmoqda, dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiy sug‘urta boshqarmasi rahbari Shuhrat Almardonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan Yangi sug‘urta modeli Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tibbiyot muassasalarida, 1 iyuldan Navoiy va Samarqand viloyatlarida, 1 oktyabrdan esa Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida joriy etildi. Bu yo‘nalishdagi ishlar 2024 yil 1 oktyabrdan Sirdaryo viloyati va Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida boshlangan edi.
«Hozirgi kunga kelib muayyan yutuqlarga erishilgan», — dedi Almardonov.
Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmi joriy etilgan hududlardagi 167 ta muassasa bilan tibbiy xizmatlar xaridi bo‘yicha shartnomalar imzolanib, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari “aholi jon boshiga”, statsionarlar “har bir davolangan holat”, ayrim muassasalar esa “global byudjet” usulida moliyalashtirilmoqda.
Natijada birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga qatnovlar 20 foizga oshgani, tor soha mutaxassislariga murojaatlar 12 foizga, tuman va shahar shifoxonalarida davolangan bemorlar 16 foizga kamayganligini mamnuniyat bilan taʼkidlamoqchimiz.
Bundan tashqari, poliklinikalarda esa bemorlarni “Reimbursatsiya” dasturi asosida 28 turdagi dori vositalari bilan bepul taʼminlash amaliyoti joriy etildi hamda shu yilning 6 oyida 348 ming nafar bemorga 718 mingta retsept shakllantirilib, 18 mlrd. so‘mlik dori-darmon berildi.
« Bu saʼy-harakatlarimiz qanday samara berayotganligini tuman va shahar shifoxonalariga infarkt bilan yotqizilgan bemorlar 2,5 foizga, bosh miya qon aylanishi buzilishi bilan murojaat qilganlar 3,2 foizga kamayganining o‘zi ko‘rsatib turibdi. Boshqa bir qator xastaliklar bo‘yicha ham ana shu kabi ijobiy holatni kuzatish mumkin», — deb taʼkidladi vazirlik vakili.
Asossiz gospitalizatsiyalar soni 40 foizdan 18 foizgacha qisqargan. Davolash-profilaktika muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida 51 milliard so‘mlik 22,5 ming dona kompyuter uskunalari yetkazib berildi, mahalliy tarmoq yaratildi va muassasalar «Yagona tibbiy tizim» (DMED)ga ulandi. Birlamchi bo‘g‘indagi 45 mingdan ortiq xodim IT-yo‘nalishida o‘quv kurslaridan o‘tdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat tibbiy sug‘urtasi yangi mexanizmini 2026 yil yakuniga qadar butun mamlakat hududida to‘liq joriy etishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, ushbu jarayonda katta masʼuliyat va kasbiy fidoyilik muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.