 
                            
                                O‘zbekistonda avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 24,3% ga yetdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 27 oktyabr holatiga ko‘ra, Markaziy bank maʼlumotlariga binoan, O‘zbekistonda avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha yillik foiz stavkasi 24,3% ni tashkil etdi.
Tijorat banklari tomonidan berilayotgan mikrozaymlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi esa 32,9% yillik darajada qayd etildi.
Avtokreditlar taqdim etayotgan banklar orasida eng maqbul shartlar Garant Bank tomonidan taklif etilmoqda — 17,2% yillik. Undan keyingi o‘rinlarda «Ipoteka bank» (19,9%) va OFB (21,2%) joylashgan. Eng yuqori stavkalar Universal Bank (30,0%), Madad Invest Bank (28,3%) va SQB (27,5%) tomonidan belgilangan.
Mikrozaymlar segmentida eng past foiz stavka Infinbankda kuzatilgan — 25,4% yillik. Keyingi o‘rinlarda BRB (25,5%) va Trast Bank (25,6%) joylashgan. Eng yuqori stavkalar Anor Bank (41,0%), TBC Bank (40,2%) va Tenge Bank (39,7%) da qayd etilgan.
Markaziy bankda taʼkidlanishicha, hisob-kitoblarda nafaqat bozor sharoitlari, balki biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida berilayotgan imtiyozli kredit dasturlari hamda iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini rag‘batlantirishga qaratilgan maxsus kredit mahsulotlari ham inobatga olingan.
O‘rtacha hisobda, jismoniy shaxslarga (mikrozaymlarsiz) berilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasi 23,4% yillikni, yuridik shaxslar uchun esa 23,5% yillikni tashkil etdi.