O‘zbekiston va Xitoy adolat va inson huquqlari bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vaziri o‘rinbosari Sh. Rabiyev bilan Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi Milliy qo‘mitasi aʼzosi, Inson huquqlarini oʻrganish boʻyicha Xitoy jamiyati raisining oʻrinbosari janob S. Szyango boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Sh. Rabiyev O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida izchil rivojlanib borayotgan o‘zaro hamkorlikni ta’kidlab, mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, adliya va huquq tizimini takomillashtirish, inson huquqlari, huquqiy targ‘ibot, yuridik ta’lim va qonuniy manfaatlarni ishonchli himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar alohida qayd etildi.
Janob SZYAN Szyango samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash O‘zbekiston va Xitoy uchun ustuvor masala ekanini ta’kidladi.
Mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasi, inson huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan milliy qonunchilik normalari, Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida janob SZYAN Szyango taqdim etilgan batafsil ma’lumotlar uchun minnatdorlik izhor etdi. U mazkur tashrif ikki tomonlama do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etar ekan, kelgusida ham o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.