O‘zbekiston va Ozarbayjon farmatsevtika sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — USP hamkorlari bilan navbatdagi yillik uchrashuv doirasida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Ozarbayjon Respublikasining “Dərman Vasitələrinin Ekspertiza Mərkəzi” o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Dərman Vasitələrinin Ekspertiza Mərkəzi — Ozarbayjon Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi muhim regulyator tashkilotlardan biri bo‘lib, mamlakat hududida dori vositalari, biologik preparatlar va tibbiy mahsulotlarning xavfsizligi, sifati hamda samaradorligini baholash bilan shug‘ullanadi.
Mazkur hujjat ikki davlat o‘rtasida farmatsevtika mahsulotlarini tartibga solish, dori vositalari xavfsizligini taʼminlash, farmakonazorat, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda malaka oshirish yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashish va amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
Ushbu memorandum farmatsevtika sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, soha ishtirokchilari o‘rtasida bilim va texnologiyalar almashinuvini kuchaytirish, shuningdek, dori vositalarining xavfsizligi va sifatini taʼminlashda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Tomonlar mazkur hujjat doirasida belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, seminar va treninglar o‘tkazish, shuningdek, axborot almashinuvi mexanizmlarini yaratishga kelishib oldilar.