O‘zbekiston va Musulmonlar savdo forumi hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Musulmonlar savdo forumi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Londonda o‘tkazilayotgan ishbilarmonlik tadbirlari doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov hamda Buyuk Britaniyaning Musulmonlar savdo forumi (MTF) raisi Iqbol Sakrani o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avval imzolangan hamkorlik memorandumining mantiqiy davomi sifatida tashkil etildi.
Muslim Trade Forum (MTF) Buyuk Britaniyadagi faol biznes netvorking platformalaridan biri bo‘lib, turli sohalardagi tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantiradi va xalqaro aloqalarni kengaytiradi. Platforma orqali bir qator davlatlar biznes doiralari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u Buyuk Britaniyadagi yirik isteʼmol bozoriga chiqish uchun samarali maydon vazifasini o‘taydi.
Uchrashuvda tomonlar biznes aloqalarini kengaytirish, yangi bozor imkoniyatlarini aniqlash hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralar natijasida quyidagi amaliy kelishuvlarga erishildi: MTF tomonidan tadbirkorlar delegatsiyasini O‘zbekistonga yuborish, Toshkent va Samarqand shaharlarida biznes-forumlar va B2B uchrashuvlar tashkil etish, mahalliy mahsulotlar uchun eksport buyurtmalarini shakllantirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning investitsiyaviy va sayyohlik salohiyatini Buyuk Britaniya bozorida targ‘ib qilish va mamlakat brendini mustahkamlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Alohida qayd etilganidek, tashkilot aʼzolari orasida Afg‘oniston bozoriga qiziqish yuqori bo‘lib, bu O‘zbekistonning mintaqaviy logistika va savdo markazi sifatidagi o‘rnini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish va qo‘shma loyihalarni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.