O‘zbekiston va Henan Investment Group strategik sohalarda sarmoyaviy sheriklikni chuqurlashtirishni maqsad qilgan
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Xitoyning “Henan Investment Group” kompaniyasi bosh direktori Chju Xonbin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
1992-yilda tashkil etilgan Henan Investment Group moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga, shuningdek, sanoatning ustuvor va rivojlanayotgan yo‘nalishlariga sarmoya kiritishga ixtisoslashgan.
Tomonlar ekologiya, energetika, transport va logistika kabi strategik sohalarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. “Yashil” transformatsiya doirasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, qo‘shma ishlab chiqarish va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar investitsiyalar sohasida munosabatlarni chuqurlashtirishga hamda yangi qoʻshma tashabbuslarni hayotga tatbiq qilish boʻyicha aniq yoʻnalishlarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.