O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senat Raisi Tanzila Narbayeva “O‘zbekiston – Fransiya” birinchi parlamentlararo forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan senator Valeri Boye boshchiligidagi Fransiya Senati delegatsiyasi bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida oliy darajadagi konstruktiv muloqot tufayli O‘zbekiston – Fransiya munosabatlari jadal rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani taʼkidlandi. Fransiya O‘zbekistonning ishonchli va uzoq muddatli hamkori ekani qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va taʼlim sohalaridagi hamkorlikning ijobiy natijalari muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, agrar va suv xo‘jaligi, energetika, sanoat, oziq-ovqat, transport, logistika yo‘nalishlaridagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini ham ko‘rib chiqib, xalqaro maydondagi tashabbuslar o‘zaro qo‘llab-quvvatlanishini taʼkidladi.

Ikki davlat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashning muhim elementi sifatida parlamentlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tegishli qo‘mitalar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

 “O‘zbekiston – Fransiya” birinchi parlamentlararo forumining o‘tkazilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish hamda ikki tomonlama va mintaqalararo kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishning taʼsirchan mexanizmi sifatida muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida parlamentlararo muloqotni yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik bildirildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling