O‘zbekiston Prezidenti Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan sheriklikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-sentyabr kuni Nyu-York shahrida Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyevani qabul qildi.
Ushbu nufuzli global tuzilma bilan sheriklikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
XVJ rahbari Kristalina Georgiyeva Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlarga yuksak baho berib, ortga qaytmas islohotlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Jamg‘arma bilan makroiqtisodiy siyosat, byudjet va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish sohalarida samarali hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mutaxassislarimiz XVJ markazlarida muntazam ravishda malaka oshirish dasturlaridan o‘tmoqda. Joriy yilda mamlakatimiz moliya sohasining barqarorligi birgalikda baholandi va "yo‘l xaritasi" qabul qilindi.
Uchrashuv davomida pul-kredit va fiskal siyosatni rivojlantirish, statistika tizimini transformatsiya qilish bo‘yicha jamg‘armaning ekspertlik ko‘magini davom ettirish, shuningdek, iqtisodiy idoralar xodimlari uchun o‘quv dasturlarini kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
#Shavkat Mirziyoyev