O‘zbekiston Markaziy banki Humans bo‘yicha tekshiruv materiallarini Toshkent shahar IIBBga topshirdi
O‘zbekiston Markaziy banki Humans bo‘yicha tekshiruv materiallarini Toshkent shahar IIBBga topshirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki Humans faoliyati bilan bog‘liq tekshiruvni yakunlab, to‘plangan materiallarni huquqiy baholash uchun Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga topshirdi, deb xabar qildi regulyator matbuot xizmati.
Tekshiruv Humans kompaniyasiga to‘lov xizmatlari ko‘rsatgan Octagram to‘lov tashkilotida o‘tkazildi. Markaziy bank topshirig‘iga ko‘ra, Octagramda maxsus ishchi guruh tuzilib, kompleks tekshiruv amalga oshirildi.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, materiallar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqish va tegishli choralar ko‘rish uchun Toshkent shahar IIBBga yuborildi.
Ayni paytda Humans bilan bog‘liq vaziyat poytaxt ichki ishlar organlari tomonidan o‘rganilmoqda. Markaziy bank, shuningdek, ushbu holat natijasida jabr ko‘rgan fuqarolarga huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishni tavsiya etdi.
Avval xabar qilinganidek, 2025 yil 4–8 dekabr kunlari Humans servisi foydalanuvchilarining bir qismi bank kartalaridan mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan yechib olishning ikki to‘lqiniga duch kelgan. 8 dekabr kuni ertalab Markaziy bankka Humans ilovasi orqali amalga oshirilgan ruxsatsiz operatsiyalar bo‘yicha fuqarolar murojaatlari kelib tusha boshlagan.
Bunga javoban, regulyator xavfsizlik talablarini taʼminlash va ehtimoliy qo‘shimcha zararlarning oldini olish maqsadida Paylov to‘lov servisidan P2P-pul o‘tkazmalarini vaqtincha to‘xtatishni talab qildi. 9 dekabr holatiga ko‘ra, Humans orqali barcha to‘lov operatsiyalari to‘liq to‘xtatilgan.
Humans kompaniyasi maʼlum qilishlaricha, jinoyatchilarga ruxsatsiz mablag‘ yechib olish imkonini bergan zaiflik kompaniya hamkori bo‘lgan Paylov to‘lov servisining texnik tizimida joylashgan bo‘lib, uning huquq egasi Octagram hisoblanadi. Octagram esa o‘z navbatida, hodisalar sababi bo‘lgan «texnik zaiflik» mavjudligi haqidagi ayblovlarni rad etdi.
Shu bilan birga, 6 dekabr kuni Octagram xodimlari aniqlangan shubhali tranzaksiyalar haqida Humans Companies‘ning masʼul vakillarini ogohlantirgani, shundan so‘ng operatsiyalar vaqtincha to‘xtatilgani qayd etilgan.
Ertasi kuni, 7 dekabrda, Humans Companies Octagram‘ga rasmiy xat yo‘llab, firibgarlik operatsiyalarining oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida maʼlum qilgan va shu asosda to‘lovlarni qayta tiklashni so‘ragan.