O'zbekiston KfW bilan suv infratuzilmasini modernizatsiya qilishni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 5-noyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov Germaniya taraqqiyot banki (KfW — “Kreditanstalt für Wiederaufbau”) delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.
Germaniyaning KfW banki davlat rivojlantirish banklaridan biri bo‘lib, u iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy va ekologik barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun moliyalashtirish xizmatlarini taqdim etadi.
KfW delegatsiyasi tarkibida Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo departamenti direktori Veronika Garsiya Del Arko, KfW’ning Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy vakolatxonasi direktori Petar Georgiev hamda Markaziy Osiyodagi KfW hududiy vakolatxonasi loyiha koordinatori Malik Muxitdinov uchrashuvda ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida tomonlar hamkorlikning joriy holati va ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan qo‘shma maqsad va vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyorliklarini tasdiqladi.