Valyuta kurslari 12/11/2025
$1 – 11990.00
UZS – -0,21%
€1 – 13866.44
UZS – -0,24%
₽1 – 147.55
UZS – -0,51%
Qidirish
OTB O‘zbekistonga kichik biznes uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 300 million dollar ajratdi

OTB O‘zbekistonga kichik biznes uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 300 million dollar ajratdi

OTB O‘zbekistonga kichik biznes uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 300 million dollar ajratdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston Hukumatining moliyaviy xizmatlardan yetarlicha foydalanolmayotgan mikro, kichik va o‘rta korxonalarni (MKO‘K), ayniqsa ayollar rahbarligidagi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatda mikromoliya sektorini mustahkamlash bo‘yicha saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 300 million AQSH dollari miqdorida siyosatga asoslangan qarzni maʼqulladi. Ushbu mablag‘ning 100 million AQSH dollari imtiyozli shartlarda taqdim etiladi.

2-kichik dastur inklyuziv moliyalashtirish uchun huquqiy va institutsional asos yaratishga qaratilgan 1-kichik dasturda boshlangan islohotlarni chuqurlashtiradi va kengaytiradi. Ushbu islohotlar qatoriga mikrokreditlar limitini oshirish, mikromoliyalashtirish qoidalarini takomillashtirish, Ayol tadbirkorlarni moliyalashtirish xalqaro kodeksiga qo‘shilish va Islom mikromoliyalashtirish uchun normativ bazani ishlab chiqish kiradi.

«OTB O‘zbekistonning yana-da inklyuziv va bozorga yo‘naltirilgan moliyaviy tizimga o‘tishini qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanadi», — dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya. «Ushbu dastur o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va mikro tadbirkorlar uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini ochadi, gender tengligini rag‘batlantiradi va moliya sektorida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytiradi».

2-kichik dastur doirasida masʼuliyatli kreditlash bo‘yicha ko‘rsatmalarni yangilash, «hozir sotib oling, keyin to‘lang» kabi yangi moliyaviy xizmatlarni tartibga solish va raqamli moliyaviy nazoratni kuchaytirish orqali isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan yangi siyosat choralari joriy etildi. Shuningdek, moliya sektorida gender tengligi siyosatini qo‘llab-quvvatlash, moliyalashtirishda gender kvotalarini belgilash va jins bo‘yicha ajratilgan maʼlumotlar asosida hisobot berish orqali genderga yo‘naltirilgan islohotlar kengaytirildi.

Dastur doirasida 2021–2023 yillar uchun Milliy moliyaviy inklyuzivlik strategiyasi baholandi. Unga ko‘ra, katta yoshdagi aholining 60 foizi rasmiy moliya muassasalarida hisob raqamiga ega. Bu ko‘rsatkich raqamli moliyaviy xizmatlarning tez surʼatda kengayishi tufayli oshgan.

Dasturning yana bir muhim elementi — mikromoliya sektorini tarkibiy transformatsiya qilish. Bu depozit qabul qiluvchi mikromoliya banklarini tashkil etish orqali amalga oshiriladi. Moliyaviy barqarorlikni taʼminlash maqsadida xavflarni baholashga asoslangan normativ-huquqiy va nazorat bazasi joriy etilmoqda. Hozirgacha bunday banklarni tashkil etish uchun ikkita dastlabki litsenziya berildi.

Dastur texnik ko‘mak bilan ham qo‘llab-quvvatlanadi, bu institutsional salohiyatni oshirish va islohotlarning barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi. 2-kichik dastur 2025–2027 yillarga mo‘ljallangan 3-kichik dasturni o‘z ichiga olgan kengroq dasturiy yondashuvning bir qismi bo‘lib, u amalga oshirish salohiyatini va institutsional infratuzilmani yana-da mustahkamlaydi.

2025-yilda OTB va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikka 30 yil to‘ldi. O‘zbekiston 1995-yilda OTBga aʼzo bo‘lgan va shu vaqtdan beri bank mamlakatga davlat sektori uchun 14,6 milliard AQSH dollari miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan.

OTB — Osiyo va Tinch okeani mintaqasida barqaror, inklyuziv va uzoq muddatli o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi yetakchi ko‘p tomonlama rivojlanish banki. U aʼzo davlatlar va hamkorlar bilan birgalikda murakkab muammolarni hal qilish, insonlar hayotini yaxshilash, sifatli infratuzilma yaratish va sayyorani himoya qilish uchun innovatsion moliyaviy vositalar va strategik hamkorliklardan foydalanadi. OTB 1966-yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 69 davlat aʼzo, shulardan 50 tasi mintaqada joylashgan.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling